Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 5-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko‘p xotinlik holatlari ortib borayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda aytilishicha, reklama, ko‘ngilochar va tahliliy materiallar orqali ko‘p xotinlik va uning “afzalliklari”ni targ‘ib qilish avj olmoqda. Buning oqibatida qonuniy nikohsiz tug‘ilgan bolalar soni ham oshgan.

2022-yilda respublika bo‘yicha 18 955 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida qayd etilgan. 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich 19 037 tani, 2020-yilda 16 564 tani tashkil qilgan.

“Nikoh belgilangan tartibda FHDYO organlarida qayd etilmagani otalikni belgilash, aliment tayinlash, meros masalalariga oid turli xil muammolarni keltirib chiqarib, natijada fuqarolarda, ayniqsa, ayollarda davlatning huquqiy siyosatiga nisbatan bo‘lgan ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi quyi palata xabarida.

Deputatlar tomonidan majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qabul qilindi.