Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimi bo‘ldi. Marosimda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qur’on tilovat etilib, o‘tganlar haqiga duo qilindi. Elga osh tortildi.

“Har safar bu yerga kelib, xalqimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan jasur bobolarimizni eslab, ko‘nglimiz taskin topadi. Ularni xotirlash, ezgu ishlarini davom ettirish biz uchun ham qarz, ham farz. Qatag‘on qilingan yetakchilarimizning taqdiri barchamizni mustaqilligimizni qadrlashga, uni asrab-avaylashga undaydi. Mana shunday mustaqillikda, tinchlikda yashashning o‘zi Alloh taoloning katta marhamati, ne’mati. Buning uchun shukronalik bilan, uning qadriga yetish kerak”, — dedi prezident.

1937−53 yillarda O‘zbekistonda 100 ming odam qatag‘onga uchragani, ularning 13 ming nafari otib tashlangani yana bir bor yodga olindi. O‘tgan asrning 80 yillarida ham minglab o‘zbekistonliklar adolatsizlik qurboni bo‘lgan. “Paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan respublika bo‘yicha 40 ming kishi tergov qilingan, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Davlat rahbari O‘zbekistonga yigirma besh yil rahbarlik qilgan, o‘zbek xalqining buyuk farzandi Sharof Rashidov ham o‘limidan keyin siyosiy qatag‘onga uchragani alamli ekanini aytdi.

Jadidlar hayotini o‘rganish, nohaq qatag‘onga uchragan insonlar xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha xayrli ishlar qilinayotgani ta’kidlandi.

“Bu borada adolatni tiklash bo‘yicha ko‘p ishlar qilyapmiz. Tarixchi olimlar ishtirokida komissiyalar tuzildi, arxiv hujjatlari o‘rganilyapti. Oxirgi ikki yilda O‘zbekiston Oliy sudi 850 nafardan ziyod, bu yil 240 nafar ana shunday jabrdiyda vatandoshlarimizning nomini oqladi. Bunday izlanishlarni hech qachon to‘xtatmasligimiz kerak. Negaki haqiqatni xalqimiz bilishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu davrga oid tarix yangi topilayotgan hujjatlar va ashyolar bilan boyib bormoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha “Xotira” kitoblari tayyorlandi. Ularga 40 mingga yaqin vatandoshimiz to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritildi. Bu to‘plamlar yaqin vaqt ichida chop etiladi.

Prezident shular bilan birga qatag‘on qurbonlari yashagan mahallalarda ularning nomlari, faoliyatini muhrlab qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

“Muzeylar qildik, kitoblar chiqyapti, ko‘pchiligi oqlanyapti. Lekin shu bilan unutilishi kerak emas. Mening nazarimda, qatag‘on qurbonlari tug‘ilib o‘sgan yoki bugun avlodlari yashayotgan mahallada, o‘sha yerdagi maktabda ularning nomlarini yozib qo‘ysak, ham savobli, ham ibratli ish bo‘lardi. Qolaversa, mana shunday bayramlarda, xotira kunlarida xonadonlarini ziyorat qilish kerak. Nega urush qatnashchilarini uyiga boramizu, qatag‘on qurbonlarini eslamaymiz?! Ularning har birining hayoti — qahramonlik. Biz buni o‘rganib, tashviqot qilib, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak, — dedi davlat rahbari.

Mutasaddilarga jadid bobolarimiz tarixini o‘rganayotgan tadqiqotchilarga maqsadli grantlar ajratish, ular haqida hujjatli va badiiy filmlar olish, matbuot va internet nashrlarda materiallar chop etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Xalqimiz u davrni yaxshi bilishi, faxrlanishi kerak. Yoshlar „Bizning bobolarimiz istiqlol orzusida kurashgan, o‘zini ayamagan, biz mustaqillik uchun nima qilayapmiz“ deb o‘ziga savol berishi zarur. Mustaqillikning mustahkam zamini nima o‘zi? Avvalo, vatanparvarlik, bilim, ma’naviyat. Jamiyatimizda ana shunday vatanparvarlik ruhini, shukronalik ruhini kuchaytirishimiz kerak”, — deya ta’kidladi prezident.

Foto

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi

шавкат мирзиёев, шаҳидлар xotirasi