30-avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning markaziy qismidagi beshta hudud va Pskov viloyatidagi aeroportga dronlar hujumi uyushtirildi, deya xabar bermoqda “TASS”.

Voqea oqibatida Pskovdagi aerodromda yong‘in sodir bo‘lib, 4 ta Il-76 harbiy-transport samolyoti zarar ko‘rdi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hech kim shikastlanmagan. Boshqa hududlarda barcha dronlar havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan.

Pskov aeroporti 30-avgust kuni ishlamasligi e’lon qilindi. Shuningdek, Pskov havo hududi samolyotlar parvozlari uchun cheklandi.

“Voqea boshlanganidan beri shu yerdaman. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q. Yetkazilgan zarar ko‘lami aniqlanmoqda”, — deb yozdi viloyat gubernatori Mixail Vedernikov.

Turli manbalarga ko‘ra, aeroportga 10−20 ta dron hujum qilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha voqeaga izoh bermadi.

Mash Telegram kanalining yozishicha, dronlardan biri aeroport hududidagi yonilg‘i quyish majmuasiga kelib urilgan, shundan so‘ng katta yong‘in boshlangan.

Boshqa hududlarga hujum

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari Bryansk viloyati osmonida uchta va Orlov viloyatida bitta, Ryazan viloyatida ikkita, Kaluga viloyatida bitta uchuvchisiz apparatni urib tushirgan.

Kaluga viloyati gubernatori Vladislav Shapshaning so‘zlariga ko‘ra, yana bir dron bo‘sh neft rezervuariga borib urilgan. Moskva tomonga qarab uchayotgan dron Moskva viloyatining Ruzskiy tumani hududida urib tushirilgan.

Barcha holatlarda jabrlanganlar yo‘q ekani xabar qilingan. Voqea oqibatida Moskva aeroportlari samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish uchun vaqtincha yopib qo‘yildi va ayni vaqtda cheklovlar olib tashlangan.