28-avgust kuni prezidentning “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatlar bilan O‘zbekiston hamda Qatar hukumatlari o‘rtasida quyidagi bitimlar tasdiqlandi:

  • investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi;
  • daromad soliqlari bo‘yicha ikki yoqlama soliqqa tortishni bartaraf qilish hamda soliqlarni to‘lashdan bosh tortish va bo‘yin tovlashning oldini olish to‘g‘risidagi.

Mazkur bitimlar 2023-yil 6-iyunda Samarqand shahrida imzolangan. Shunga ko‘ra, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organlar etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Samarqandda Qatar amiri bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar “keng qamrovli sheriklik” darajasiga chiqishiga ishonch bildirgandi. Davlatlar rahbarlari o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini oshirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan, 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan.