Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida egizak farzand tuqqan 19 yoshli ayol vafot etdi, deya xabar qildi viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi.

Qayd etilishicha, marhuma T.O. 2004-yilda tug‘ilgan, Qarshi tumanida yashagan. Homiladorlik davrida yashash hududidagi oilaviy shifokorlik punktida “Homiladorlik 1. Egizak homila” tashxisi bilan nazoratga olingan. Zarur bo‘lgan barcha klinik va laborator tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Doimiy ravishda akusher-ginekolog va oilaviy shifokor nazoratida kuzatilib, uyda patronaj o‘tkazib borilgan.

T.O. homiladorlik davomida “Homilaning tushish xavfi” bo‘yicha viloyat perinatal markazida 2 marta statsionar sharoitda yotib, (oxirgi marta iyun oyida) davolanib chiqqan. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra unda homiladorlik va tug‘ishga qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan.

Viloyat perinatal markazi homiladorlar patologiyasi bo‘limiga 2023-yil 31-iyul kuni soat 22:35 da “Homiladorlik 1. 35 hafta. Egizak homila. Erta tug‘ish xavfi” tashxisi bilan yotqizilgan. 4-avgustda birinchi chaqalog‘ini o‘zi tabiiy tuqqan. Chaqaloq tirik, jinsi o‘g‘il, vazni 2000 gramm. Ikkinchi chaqaloq homila ona qornida ko‘ndalang joylashib, tug‘ruq yo‘llari yopilib qolganligi sababli kesar kesish operatsiyasi yo‘li bilan olingan. Chaqaloq tirik, jinsi o‘g‘il, vazni 2800 gramm.

Operatsiyadan keyingi davrda standartlar asosida davolash tadbirlari o‘tkazilgan. 11-avgust kuni sanaviatsiya xizmati orqali xirurg shifokor chaqirtirilib, vrachlar konsiliumi o‘tkazilgan va “Kesar kesish operatsiyasidan keyingi 7-sutka. Metroendometrit. Peritonit. Kamqonlik o‘rta og‘ir darajasi” tashxisi qo‘yilgan. Chaqirtirilgan xirurg shifokor yordamida soat 12:00da qayta operatsiya-relaparotomiya qilingan. Qayta operatsiyada-total gisterektomiya, qorin bo‘shlig‘i sanatsiyasi va naylash o‘tkazilgan.

Ta’kidlanishicha, viloyat perinatal markazida jadal davolash tadbirlari o‘tkazilib borilgan, lekin 12-avgust kuni soat 19:00 da ayolning ahvoli to‘satdan og‘irlashgan, o‘tkazilgan reanimatsion davo tadbirlariga qaramasdan 2023-yil 12-avgust kuni 19:30 da biologik o‘lim sodir bo‘lgan. O‘limdan keyingi tashxis: “Relaparotomiyadan keyingi holat. Endotoksikoz. O‘pka arteriyasi tromboemboliyasi. Kamqonlik o‘rta og‘ir darajasi. O‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligining og‘ir darajasi”.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.