1-yanvardan O‘zbekistonda qoidani buzgani uchun ushlangan transportlarni to‘xtash joylariga olib kelish, uning hisobini yuritish va olib chiqib ketishga ruxsat berish “Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali bajariladi. Bu haqda 11-avgust kuni hukumat qarorining [358-sonli] ayrim normativ huquqiy hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

2024-yil boshidan ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ochiq tanlov asosida tanlab olinadi.

Transportlarni to‘xtash joylariga olib kelish (tashish) hamda saqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarning cheklangan miqdorlari joylardagi hokimliklar tomonidan belgilanadi.

“Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali ushlangan, to‘xtash joylariga joylashtirilgan va olib chiqishga ruxsat berilgan transportlar ro‘yxati yuritiladi. Bundagi barcha to‘lovlar (jarima maydonchasi va huquqbuzarlik uchun jarimalar) elektron amalga oshiriladi.

Mazkur axborot tizimi 2023-yil 1-noyabrgacha ishlab chiqiladi. 1-dekabrgacha YHXXning yagona axborot tizimi ushlangan transportlarni saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarni ochiq tanlov asosida elektron tanlab olish imkoniyatini yaratish maqsadida takomillashtiriladi.

Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.