Dushanba va seshanba kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha salqin ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda O‘zgidromet matbuot xizmati xabar berdi.

Harorat kechalari +13…+16 daraja, kunduz kunlari +27…+32 daraja, janubda 35 darajagacha bo‘ladi. Bu avgust oyi o‘rtasi uchun me’yoriy qiymatlardan 2−4 darajaga past hisoblanadi.

Hafta o‘rtasidan salqin havo respublika hududidan asta-sekin chekina boshlaydi, harorat ko‘tariladi va hafta oxiriga kelib, kechalari +17…+20 daraja, kunduzi +34…+37 daraja atrofida bo‘ladi.

Ushbu kunlarda hududning katta qismida quruq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi, faqat Farg‘ona viloyatining ayrim tog‘li hududlarida bugun kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

14−15-avgust kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatiladi.

Poytaxtda 14−18-avgust kunlari havo kam bulutli bo‘ladi. Dushanba va seshanba kunlari harorat +29…+32 daraja bo‘ladi, so‘ng +34…+37 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi. Hafta boshida harorat kechasi va ertalab +13…+16 daraja, hafta oxiriga kelib +17…+20 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtachagacha esadi.