“Yuksalish” umummilliy harakati monitoring o‘tkazib, 2022-yilda “Tashabbusli budjet”da g‘olib deb topilgan loyihalarining moliyalashtirilishi, belgilangan ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi hamda bu boradagi mahalliy aholi fikri o‘rgandi.

Monitoring davomida jami 135 ta loyiha obyektiga borildi. Shundan 69 ta ta’lim, 10 ta yo‘l, 5 ta ichimlik suvi, 20 ta tibbiyot, 31 ta obodonlashtirish va boshqa obyektlar holati ko‘zdan kechirildi.

O‘rganishlar davomida 135 ta obyektdan 45 tasida “Tashabbusli budjet” loyihalari amalga oshirilishida aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir qancha holatlar aniqlandi.

Qayd etilishicha, 16 ta obyekt bo‘yicha ishlar sifatsiz amalga oshirilgan, 12 ta loyiha bo‘yicha ishlar yakuniga yetmagan, 7 ta obyekt bo‘yicha g‘olib deb topilgan loyihalar uchun mablag‘ ajratilmagan yoki to‘liq moliyalashtirilmagan, 5 ta obyekt bo‘yicha ajratilgan mablag‘lar mavjud muammolarni to‘liq bartaraf etishga yetmagan, 3 ta loyihada pudrat shartnomasi tuzilmaganligi sababli ishlar boshlanmagan.

Sifatsiz amalga oshirilgan loyihalar

Sharof Rashidov tumani “Jizzax” MFY hududida joylashgan 4 umumiy o‘rta ta’lim maktabida 209 dona (Akfa) deraza romlari, 43 dona eshik, 4 dona temir (alyumin) eshiklar o‘rnatish hamda ichki va tashqi devorlarni pardozlash ishlarini olib borishga 940 mln so‘m ajratilgan. O‘rnatilgan eshiklarning tag qismi yerga qadar tegib turmagan holda ochiq joylar mavjud bo‘lib, qish faslida sovuq havo kirib turadi. Smeta hujjatlarida o‘rnatilgan alyumin eshiklarning oynalari ikki qavatli ko‘rsatilgan bo‘lsada, bir qavatli oynalar o‘rnatilgan. Binoning ichki va tashqi devorlarni pardozlash ishlari sifatsiz bajarilgan.

Qarshi shahridagi 4 sonli umumta’lim maktabida asosiy binoning tashqi va ichki qismini ta’mirlash, deraza va eshik romlarini almashtirish, yangi isitish qozonini o‘rnatish hamda sport zali pol qismini almashtirish uchun 1 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Ajratilgan mablag‘ evaziga maktab binosining tashqi va ichki qismi ta’mirlangan, deraza va eshik romlari almashtirilgan, isitish qozoni o‘rnatilgan. Biroq ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan, yangi deraza va eshik romlarini o‘rnatish ishlari hanuzgacha yakuniga yetkazilmagan. Shuningdek, 2022-yil dekabr oyida o‘rnatilgan isitish qozoni hozirga qadar sinovdan o‘tkazilib, foydalanishga topshirilmagan.

Termiz tumani “Uychi qizil” MFYda joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy texnika bazasini yaxshilash uchun
600 mln so‘m ajratilgan. Mablag‘ga piyola, likopcha, qoshiq, choyshablar xarid qilingan va Termiz tumanidagi 17 davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga ehtiyoji doirasida bo‘lib berilgan. Xarid qilingan ushbu buyumlar talab darajasida emas.

Yakuniga yetkazilmagan loyihalar

Andijon shahrida joylashgan 50 umumta’lim maktabida yangi sport zalini qurish uchun 1 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Biroq qurilish-ta’mirlash ishlari bir yil muddat o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan yakuniga yetmagan. Bugungi kunda bor-yo‘g‘i 65 foizi bajarilgan.

Chust tumani “Yakkabuloq” MFYga Chust tuman Elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 9 dona 400 kVt transformator xamda 60 dona beton tayanchlar sotib olish va o‘rnatish uchun 600 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Loyiha doirasida 8 dona 400 kVt transformator va 45 dona beton tayanchlar olib kelingan. 1 dona 400 kVt lik transformator va 15 dona beton tayanch kam keltirilgan.

Guliston shahar 4-TIP bolalar sport majmuasi fasad qismi, tomoshabinlar joyi, hududni o‘rab turgan devorlarni ta’mirlash ishlari uchun 200 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Biroq tadbirkorning loyihasi ekspertizadan o‘tmaganligi sababli loyihani amalga oshirish cho‘zilib ketgan. Bugungi kunda ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan.

Guliston shahri “Nihol” mahallasi binosini qurib nihoyasiga yetkazish uchun 250 mln so‘m ajratilgan. Mablag‘ to‘liq ajratilgan. Biroq binoning ichki qismidagi ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Pudrat shartnomasi tuzilmagan loyihalar

Pudrat shartnomasi tuzilmaganligi bois, Nurafshon shahar “Navro‘z” MFYda joylashgan tibbiyot birlashmasi muassasasini kanalizatsiya tizimini ta’mirlash (600,0 mln so‘m) Bo‘stonliq tumani “Ma’rifat” MFYda joylashgan 54-sonli umumta’lim maktabining isitish tizimini joriy ta’mirlash (150 mln so‘m) Toshkent tumani “Chig‘atoy” MFY ichki yo‘llarini asfalt qilish (1 mlrd 200 mln so‘m) loyihalari amalga oshirilmagan.

Ajratilgan mablag‘lar mavjud muammolarni to‘liq bartaraf etishga yetmagan loyihalar

Qarshi tumanidagi Beshkent “Markaziy” futbol o‘yingohini kapital ta’mirlash uchun 990 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘ evaziga o‘yingoh maydonidagi chim to‘liq almashtirilgan, uning drenaj va sug‘orish tizimi zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan. Biroq mablag‘ yetishmovchiligi bois o‘rindiqlarni o‘rnatish ishlari va stadion asosiy binosini ta’mirlash ishlari to‘liq amalga oshirilmagan.

Termiz tumani “Yangiyer” MFYda joylashgan Oilaviy shifokorlik punktini ta’mirlash uchun 990 mln so‘m ajratilishi belgilangan. Biroq mablag‘ yetishmovchiligi bois loyiha to‘liq amalga oshirilmagan.

Yuqoridagi muammolarni hamda monitoring davomida aholi fikrini inobatga olgan holda “Yuksalish” umummilliy harakati quyidagi takliflar ilgari surdi:

  • “Tashabbusli budjet” jarayonida adolatni ta’minlash maqsadida, ijtimoiy obyektlarni alohida, mahalla infratuzilmasini alohida mavsumlarga ajratish;
  • Loyihani o‘tkazish shartlariga “1 kishi 1 ovoz” prinsipini qat’iy belgilash;
  • G‘olib bo‘lgan tashabbuslarni loyiha smeta hujjatlarini jamoatchilik (tashabbuskorlar) ekspertizasidan o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
  • Loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, tender e’lon qilish, shartnoma tuzish va g‘olib deb topilgan har bir obyekt bo‘yicha foydalanishga topshirish muddatlariga rioya etilishi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatish;
  • Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda hisob-kitoblarning to‘g‘ri tashkil etilishini ta’minlash, shuningdek zarur hollarda qo‘shimcha moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
  • obyektda amalga oshirilgan ishlar yakunlanganda buyurtmachi tashkilotdan tashqari obyekt rahbarining va jamoatchilik vakillarining qabul qilish dalolatnomasiga rozilik imzosini kiritish.