3-avgust kuni Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasida tayinlangan sud majlisiga da’vogar sifatida borgan erkak yurak xurujidan vafot etdi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, sud majlisi soat 9:15 ga tayinlangan. Oliy sud majlisning o‘z vaqtida boshlanganini ma’lum qildi.

“Sud majlisi kotibi taraflarni sud zaliga taklif etish uchun kutish xonasiga chiqqanida 66 yoshli M.A. behush holda yotganini ko‘rgan. Barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilib, shoshilinch tez tibbiy yordam xodimlariga xabar berilgan. Hodisa joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari tomonidan M.A. hayotdan ko‘z yumgani aniqlangan”, — deyiladi xabarda.

Tibbiyot xodimlari bergan birlamchi xulosaga asosan, fuqaro M.A.ning o‘limiga o‘tkir yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.