Prezident 1-avgust kuni “Otorinolaringologiya xizmatini takomillashtirish va uning koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorni [PQ-255-son] imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-sentabrdan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil qilinadi.

Markaz otorinolaringologiya yo‘nalishidagi ishlarni muvofiqlashtiradi hamda “Markaz — hududiy tibbiyot muassasalari — tuman (shahar) tibbiyot muassasalari” tizimi asosida ishlaydi. 2024/2025 o‘quv yilidan Markazda otorinolaringologiya ixtisosligi bo‘yicha tibbiyot kadrlarini klinik ordinatura orqali tayyorlash tashkil qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining otorinolaringologiya bo‘limlari markazning hududiy filiallari hisoblanadi.

2024-yil 1-yanvardan otorinolaringologiya va yuz-jag‘ jarrohligi yo‘nalishlaridagi tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi.

2024-yildan zaif eshitadigan bolalarni koxlear implantatsiya amaliyotiga tayyorgarlik davrida qo‘shimcha yiliga kamida 2 000 ta raqamli eshitish moslamalari bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.

Qaror bilan shuningdek, 2023−2026-yillarda otorinolaringologiya xizmatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.