O‘zbekiston xalq artisti Nuriddin Hamroqulov 77 yoshida vafot etdi. Bu haqda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Nuriddin Hamroqulov 1946-yilning 18-iyun kuni Andijon viloyatida tug‘ilgan. 1973-yilda Toshkent teatr va rasomlik san’ati instituti (hozirgi O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti)ni tamomlagan. 1967-yildan Andijon teatrida, keyichalik, viloyat filarmoniyasi kabi ijodiy jamoalarda faoliyat yuritgan.

San’atkorning repertuaridan “Samarqand ushshog‘i”, “Toshkent irog‘i” singari ko‘plab mumtoz qo‘shiqlardan tortib, “Talqinroz”, “Oqqush” singari o‘nlab bastakorlik qo‘shiqlari ham o‘rin olgan. Ayniqsa, uning “Olamni asrang”, “Ra'no”, “Soy ko‘rdim”, “Shirinliging”, “Kuldi bahorim”, “Turnalar”, “Ajab sirlar” kabi qo‘shiqlari tinglovchilar qalbidan chuqur joy egallagan.

Nuriddin Hamroqulov 1987-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni, 2020-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.