Baxram Mamatmuratovich Mansurov O‘zbekiston Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom”) direktori etib tayinlandi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Bu lavozimga tayinlangunga qadar 2018-yildan buyon “O‘zatom” rahbarining o‘rinbosari, keyin esa birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan.

Baxram Mansurov Ukrainaning Ivano-Frankovsk neft va gaz institutini neft va gaz konlarini o‘zlashtirish texnologiyasi va kompleks mexanizatsiyasi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1992−1998-yillarda “Sho‘rtangaz” gaz konini boshqarish boshqarmasi operatori, muhandisi, boshlig‘i, 1998−2001-yillarda bosh mutaxassis, qurilish ishlarini monitoring qilish, ishga tayyorlash va ishga tushirish guruhi rahbari lavozimlarida ishlagan.

2017-yilda “O‘zbekneftgaz” AJ ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish va yagona texnik siyosatni yuritish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, 2017−2018-yillarda “O‘ztransgaz” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari — bosh muhandisi bo‘lgan.

Ilxom Anvarovich Nimatullayev Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

U avval Energetika vazirligining Metodika va litsenziyalash boshqarmasi boshlig‘i, ungacha esa Energetika vazirligining Elektr tarmoqlarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i, Vazirlar Mahkamasida bosh mutaxassis lavozimlarida ishlab kelgan.