Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Xususan, Botir Normahmadovich Tog‘ayev vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U shu paytga qadar Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

qishloq xo‘jaligi vazirligi, tayinlovlar
Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Botir Tog‘ayev 1976-yil Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. U 2001−2015-yillar davomida viloyatning Shahrisabz, Kitob va Kasbi tumanlarida qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida, shuningdek, 2020-yilda Vazirlar Mahkamasi Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyat mudiri lavozimida faoliyat olib borgan.

Shuningdek, Alisher Nematullayevich Shukurov vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U 2020-yilning martidan buyon qishloq xo‘jaligi vazirining iqtisod, innovatsion rivojlanish va investitsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

qishloq xo‘jaligi vazirligi, tayinlovlar
Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Alisher Shukurov 1983-yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ilgan. U 2010−2013-yillarda sobiq Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasida Xalqaro loyihalar monitoringi bo‘yicha bosh mutaxassis, 2014−2020-yillarda BMT huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari (rahbar vazifasini bajaruvchi) sifatida ishlagan.