28-iyul kuni O‘zbekiston prezidentining “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi [PF-120-sonli] farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Hujjatga ko‘ra, 2023-yil 1-avgustdan:

  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 568 000 so‘m (oldin — 535 000 so‘m edi);
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 568 000 so‘m;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 568 000 so‘m;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 568 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 198 000 so‘m etib belgilanadi.

Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 568 000 so‘m etib belgilanib, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.

O‘zbekistonda 1-maydan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 980 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori 330 000 so‘m etib belgilangandi. Shuningdek, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshirilgan.