28-iyul kuni “Jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda sportchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-244-son] qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan:

  • Toshkent tibbiyot akademiyasida “Sport shifokori” va “Sport diyetologiyasi (ovqatlanish ilmi)” bo‘yicha magistratura mutaxassisliklari joriy etiladi;
  • Toshkent farmatsevtika institutida “Eksperimental va sport farmakologiyasi” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari 2 baravarga oshiriladi.

Qarorga asosan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzurida tashkil etilgan tibbiyot fakulteti (“Davolash ishi” ta’lim yo‘nalishi) Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filialiga aylantiriladi.

Filialda sport tibbiyoti va boshqa tibbiyot mutaxassisliklari (“Davolash ishi”, “Farmatsevtika”, “Pediatriya”) bo‘yicha kadrlar tayyorlanib, Chirchiq shahridagi barcha turdagi tibbiyot muassasalari unga klinik-o‘quv baza sifatida biriktiriladi.

Sport sohasida kadrlarni kompleks tayyorlash bo‘yicha “Chirchiq sport klasteri” namunasi yaratiladi.

Davlat sport-ta’lim muassasalarining sport shifokorlari, sport diyetologlari va sport farmakologlari Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida belgilangan tartibda bepul malaka oshiradi.

2024/2025 o‘quv yiligacha “70910233-Sport tibbiyoti” hamda “70910401-Gigiyena: nutritsiologiya” mutaxassisliklari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlari tasdiqlanadi.

Qarorga ko‘ra, Nukus, Andijon, Buxoro va Samarqand shaharlarida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining mintaqaviy filiallari tashkil etiladi.

2024/2025 o‘quv yilidan sport tibbiyoti sohasidagi o‘quv dasturlari va uslubiy qo‘llanmalar bevosita Markaz ishtirokida ishlab chiqiladi.