Qo‘qonda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda Farg‘ona viloyatining bir qator mansabdor shaxslari egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi, ayrimlariga hayfsan e’lon qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Jumladan, hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun Farg‘ona viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.Urinboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Tillavoldiyev, Rishton tumani hokimi S.Soliyev, Marg‘ilon shahar hokimi A.Ziyavitdinov va soliq boshlig‘i T.Xusanov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, viloyat hokimining qurilish hamda investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari, Bag‘dod, Quva va Buvayda tumanlari hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.

Farg‘ona shahri hokimi va sektor rahbarlarining lavozimi 3 oy sinov muddati bilan o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi.

Shuningdek, davlat rahbari viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish masalasiga alohida to‘xtalib, bu boradagi ishlar ahvoli qoniqarsizligini tanqid qildi. Faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar uchun Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i M.Jo‘rayev lavozimidan ozod etildi.