Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 25-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlarning muomalasiga chek qo‘yishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Ushbu qonun loyihasi bilan inson hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarganlik va muomalaga kiritganlik uchun jazo choralari yanada kuchaytirilishi taklif etilmoqda. Jumladan, inson sog‘lig‘i va hayotiga xavf soluvchi tovarlarni ishlab chiqarish va sotganlik uchun uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda.

Bundan tashqari, etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanmoqda. Sanitariya va veterinariya qonunchiligini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jazo chorasi og‘irlashtirilyapti.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ushbu mahsulotlarni noqonuniy ishlab chiqarish dastlab Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 186−1 moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bu ishni qayta sodir qilingandagina Jinoyat kodeksining 186−1 moddasi bilan jinoyat ishi ochiladi.

Shuningdek, tadbirkorning tovar brendidan noqonuniy foydalangan holda, mahsulot ishlab chiqarib, realizatsiya qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilib, tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan tekshirishlar tartibi aniq belgilab berilmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, kontrafakt va iste’molga yaroqsiz mahsulotlarning muomalasiga chek qo‘yish hamda ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholi salomatligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.