Kitob va kitobiylik

Lug‘at titib bildimki, og‘zaki tilda uchramaydigan yoki kam ishlatiladigan so‘zlarni yozmada qo‘llash “kitobiylik” deb atalar ekan.

Shahri Kitobda tug‘ilgan shoir yoki olimlarning taxallusi sifatida ham uchrar ekan.

Sun’iy, yasama, yaltiroq so‘zlar ham shu jinsdan ekan.

Ongi atala ulus orasida chiroyli so‘zlash ham kitobiylik bo‘lar ekan.

“Romantika” atalmish ko‘hna dardning o‘zbekcha muqobili ham ayni shu — kitobiylik ekan.

Menga oxirgi ta’rif ko‘proq yoqdi.

Alqissa, umrning adog‘ida, onda-sonda holga yarasha so‘z bitayotgan chog‘larimda kitobiylik degan dardga ozgina chap berishni o‘rgandim.

Aslida kitobiylik, aniqrog‘i — kitoblarda bitilgan turli xayolu orzularga ortiqcha berilish ayb emas. Xayolot og‘ushida yurish mumkin va ko‘p maroqli. Lekin bu tarzda yashamoq qiyinroq.

Ko‘p orzularimiz sarob bo‘lib chiqqanini ko‘rdik, bildik, azobini chekdik, lekin baribir ko‘ngil qurg‘ur yana va yana orzu etarga undaydi. Lekin endi, keksalik chog‘ida, eski otashin undovlar cho‘g‘i so‘nib bitganday. Kul tepasida o‘zimiz ham ijobatiga ishonmaydigan tilaklar, o‘ta jo‘n, biri biridan ojiz, ammo birday nek va yorug‘ tilaklar qoldi, xolos. Aytaylik, bu ko‘ngli ozurda millatga ham ro‘shnolik bergin, degan kabi…

Albatta, yaxshi kitob o‘qiganda uyg‘onadigan hayajon, ko‘ngilni yengil qitiqlab qo‘yadigan titroq hisob emas. Yillar zalvari yelkadan bosib, ko‘ngli toshday qotgan odamning ham (jillaqursa o‘ziga) ojiz bo‘lib ko‘rinmoqqa haqqi bor.

Bola pichirlab o‘qiydi

Ancha orif odamlardan bolalikda o‘qigan kitoblarini so‘rasangiz, dabdurustdan uyatchan bo‘pqoladi, so‘ng, go‘yo bugungi aqli yetuk odamning qachonlardir bola bo‘lganidan aybsingandek, nechadir kitob nomlarini qimtinibroq sanaydi.

Harholda, shuncha yashab Arastuning “Aflotun bilan suhbatlar”ini go‘daklik kezlari o‘qigan odamni uchratganim yo‘q.

Tabiiyki, kitoblar ro‘yxati juda qisqa bo‘ladi (bugungi nomai a’mol va umuman tarjimai hol qarshisida eslashga ham arzimaydi, shunchaki zarra, zarradan ham zabunroq).

Kitobxonligim kitob o‘qishdan emas, rahmatli otam o‘qib bergan turli payg‘ambarnomayu jangnomalarni, uzun qish tunlari sandal atrofida aytilgan sanoqsiz dostonu ertaklarni eshitishdan boshlangan.

Keyinroq harf tanib, ilk bor so‘z tuzishni, bir so‘zni boshqasiga zarb etishni o‘rgandim. Burro o‘qishdan hayratga tushganim yo‘q. Endi bilsam, hayrat degani jimit barmoqlari harfdan harfga, so‘zdan so‘zga ko‘chayotgan serhadik bolaning tepasida turgan muallimning ko‘lankasida qolib ketgan ekan.

Haqiqiy hayrat keyinroq — kitob bilan yolg‘iz qolganimda keldi.

Yana esda asralgani — pichirlab o‘qiganim. Hali-hanuz bolaning pichirlab o‘qishida nedir sinoat izlayman. Balki ne azobda tuzgan so‘zlarini hurkitib yubormaslik uchun baralla ovoz chiqarmas…

Bugunga qadar so‘zdan hayiqib, hayiqmoq ne — qo‘rqib turishimni yana qanday izohlashim mumkin?!

Qo‘rqoq kitobxon

Qo‘lga nima tushsa o‘shani o‘qiganman. Bilmasvoy, Gulliver, Robinzon Kruzo, Alpomishu Gilgamesh, xullas, “Tohir-Zuhra, Yoriltosh, / Oyni uyaltirgan qosh”… toki kapitan Grantning yetimchalari qadar…

“Boshsiz chavandoz” haqida alohida gapirmasam bo‘lmaydi. Negaki, Mayn Ridning qahramonlarini bugun ham nom-banom sanashim mumkin: Kassiy Kolhaun, yilqichi Moris, iskovuch chol Zeb Stump, boshsiz chavandoz Henri Poyndeksterning ma’sum singlisi Luiza Poyndekster, ispan go‘zali Isidora Kavarubio de Los-Lyanos… Ayniqsa, oxirgisi zo‘r jaranglardi!

Endi anglasam, jomlik mishiqi bola o‘sha kezlardayoq qishlog‘ini tark etib ulgurgan ekan.

Keyinroq Jonatan Sviftni o‘rischada o‘qib, Gulliverning aslini ko‘rdim. Ba’zida Gulliver o‘zbekchaga tugal o‘girilmaganmikan, deb ham o‘ylab qolaman. To‘g‘risi, yaxshilab surishtirishga hafsala ham yo‘q. Shunchaki, Gulliver degani sarguzasht roman emas, balki irlandcha zarbulmasal — haqiqiy siyosiy satira ekanini xiyla kechikib anglaganimni tan olmoqchiman, xolos.

Bolalikdan o‘smirlikka ko‘chsak, Shukur Xolmirzayevning “O‘n sakkizga kirmagan kim bor?”, Odil Yoqubovning “Muqaddas”, “Tilla uzuk” degan qissalarini o‘qiganimni eslayman. Bu qissalarni qaytib qo‘lga olganim yo‘q. Qayta o‘qisam yoqmay qolishidan qo‘rqaman. Takror mutolaadan ko‘ra, qoni endi gupura boshlagan o‘spirin kitobxonning entikishlarini eslash shirinroq tuyuladi.

Ayni odat bora-bora irimga aylanishini tasavvur ham qilmaganman.

Abdulla Qahhorning “Sarob” romani — tasvir etilmish muhit nafasini tuyganim bilan qadrli. O‘qiganda negadir salbiy qahramon — Saidiy tarafida turganman. Keyin bilsam, Qahhor domla ham aslida biz tarafda turganu, lekin zamona talabiga quloq tutmoqqa majbur bo‘lgan ekan…

“Sarob”ni ham qayta o‘qishdan cho‘chiyman.

“O‘tkan kunlar”ni o‘smirlikda yig‘lab xatm qilganman. Roman voqealarini mayda tafsilotlari qadar eslayman. Bir vaqtlar ““O‘tkan kunlar” — o‘zbek milliy ongining ajralmas parchasidir”, deb yozganimdan tonmayman.

Oybek domlaning “Navoiy” romanidan bugungi qoliplarga ko‘pda mos kelmaydigan “Qutlug‘ qon” romani ustunroq tuyuladi.

Mavridsiz iqror

Yigitlik chog‘ida kitobxonlik rasmana dardga aylandi. “Kitobxo‘r”, “kitob jinnisi” degan iboralar ham bo‘lardi. Dardga davo beradigan eng yaxshi tabiblarimiz Mahkam Mahmudov, Murod Xidir va Mahmud Sa’diy edi. Biz istab topolmagan neki kitob bo‘lsa — Hammurapi qonunlaridan toki Hegelning “Metafizika”si qadar — shu uchovida, juda bo‘lmaganda, uchovidan birida albatta topilardi.

Baland g‘urur bilan o‘ta xokisorlikning go‘zal sulhini shu uch aziz insonning tabiatida ko‘rganman. Uchovidan ham birday qarzdorman. Bizga — egni yupun, qorni och va ochligi barobar orzumand musofir yigitchalarga vaqtida mehru marhamat ko‘rsatgani, o‘zlari nochor bo‘laturib qornimizni to‘yg‘azgani, ko‘chada qolgan chog‘larimizda boshpana berganini bot-bot eslayman. Bemavrid bo‘lsada shuni aytgim keldi…

Dunyo ayvoni keng

Qalam qitirlatib, o‘zimizcha “raqib” izlab, torgina maydon ichida g‘imirlab yurgan chog‘larimiz ayniqsa kulgili edi. Yangi kitobmi yoki gazet-jurnalda bosilgan hikoyami — barini titkilab o‘qirdik. Chimxo‘rroq bo‘l, vaqtingni ayagin, nodon, deb aytadigan maslahatgo‘y bo‘lmagani bugun alam qiladi.

Biz yigitlikda havas qilgan, keyinchalik qadrdon akalarimizga aylangan O‘lmas Umarbekov, Uchqun Nazarov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimovning qissalarini o‘qish naqd bayram edi.

Yana bir akamiz — Ne’mat Aminov keyinroq “Yelvizak”ni bitgani Buxorodan keldi.

U kezlar el suygan adiblar Odil Yoqubov bilan Pirimqul Qodirov davrasi bizdan ancha yuksakda edi. Keyinroq ular bilan ham tanishdik…

Odil Yoqubovning “Diyonat” romani peshdek. Odatda, “Ulug‘bek xazinasi” ko‘proq maqtaladi. Muallif tarixiy asarni yozaturib talay manbalarni o‘rgangani, ko‘proq mehnat qilgani aniq. Lekin “Diyonat” romani katta hayajon bilan yozilgani bilan ustunroq tuyuladi. Romanda muallifning issiq nafasi seziladi.

Rahmatli Odil muallim o‘ta g‘ayratli edi. Tabiatida sahroyilarga xos bir junun, o‘jar asovlik bo‘lardiki, qimmatli vaqtini yolg‘on takalluflarga sarflab yurmasdi. O‘ylaganini aytar, birovni ayab o‘tirmas edi. Shu sabab, sho‘roviy mafkura darg‘alari yozuvchi eski zamon vakili — sulton Ulug‘bek haqida roman yozganida ham unga daxl qila olmagan, ochiqrog‘i, qo‘rqqan. Ko‘tarilgan gurzilar boshqa birovning — Mirzo Bobur haqida roman bitgan Pirimqul Qodirovning boshiga tushgan.

Rahmatli Pirimqul muallim Odil muallimning aksi — o‘ta jo‘yali, tabiati andak biqiq bo‘lsa-da, birday yumshoqfe’l va birday tartibli odam edi. Tarixni sinchiklab o‘rgandi, “Yulduzli tunlar”ni yozib, o‘zini o‘zbek sanagan odamlar olqishini oldi.

Balki yoshlik hayajoni bilan o‘qilgani uchundir, menga Pirimqul Qodirovning hadiksiz, samimiyat bilan yozilgan, bugun salkam unutilgan ilk romani — “Uch ildiz” aziz bo‘lib tuyuladi.

Eski zamonlarda yashab o‘tgan mumtoz va muborak zotlarga kelsak, hazrat Navoiyni o‘qiganman, lekin tuzukroq bilmayman. Yaxshiroq anglashga qurbim yetmagani sabab, ustozlarimiz Erkin Vohidov, Aziz Qayumov, do‘stimiz va ustozimiz Ibrohim Haqqulning suhbatlariga ishqiboz edim.

Men uchun hazrat Navoiyning buyukligi — Attor majozini mahv etib, Semurg‘ vasliga intiq turfa xil qushlarni nechadir vodiylardan olib o‘tgani va turfa qushning har biriga uning o‘zi Cyemurg‘ ekanini anglatgani.

Boburni ham ko‘p o‘qiganman, g‘azalu ruboiylarini yod olganman, lekin uni ham yaxshi bilaman deb aytolmayman. “Boburnoma”ni ancha tushunib mutolaa qilganman. Yana o‘qish niyatim bor. Zabardast shoir, zabardast olim. Iqror borasida ko‘rsatgan jasorati askariy jasorati bilan barobar inson.

Ahmad Yassaviy, Lutfiy, So‘fi Ollohyor — alohida dunyo. Turkiy so‘z aytmoq istagan odam eng avval buloq boshida turgan shu zotlarni bilmog‘i, izzat qilmog‘i kerak.

Gulxaniyning “Zarbulmasal”i — ko‘ngil to‘rida asrashga arzigulik asar. Serjilo istehzo va sharqona tavoze tufayli zahri chandon oshgan mazax — o‘z yo‘liga, meni hayratga soladigan boshqa jihat — muallifning co‘zlash uslubi, yuzlab maqolu matallarni sanoqli sahifalarga joylay olgani. Neki hol bor — shunga yarasha maqol.

O‘rishu arqog‘ida turkiy, forsiy va arabiy so‘z iplari qorishib ketgan, bu kun odamlarining yuksak nazariga ilinmog‘i gumon bo‘lgan “Zarbulmasal”ning nimasi yaxshi, degan xayolga boraman. Javobini yana bolalik kezlarimda quloqqa singib qolgan ohangdan topganday bo‘laman: roviylar andoq rivoyat qilibdurlarkim…

Nedir aniqroq maqsad bilan o‘rganmaganim sabab, xalq dostonlari haqida ko‘p gapirishga kuchim yetmaydi. Menga ne-ne baxshilarni mast qilgan muhtasham ohanglarni eslashning o‘zi yetib-ortadi.

“Alpomish”ning turli talqinlari, “Go‘ro‘g‘li” dostonlari turkumidan ozmuncha xabarim bor. Termalar ham, terma orasida kelgan “qora” so‘zlar ohangi, so‘zlash (aytish) ritmi, so‘zlarning turfa suvratlaridan tuygan hayratim jon chiqqusi qadar so‘nmasa kerak.

Darvoqe, rahmatli do‘stimiz Tog‘ayning, Tog‘ay Murodning ko‘hna dostonlarimiz qa’ridan o‘sib chiqqani aniq. Uning yozganida eski, yoddan ko‘tarilay degan ohanglar qayta tirilgani yoqadi menga. Ya’niki, to‘g‘ri topilgan (sozlangan, deb aytgim keladi) ohang kuchanmay so‘zlash qudratini beradi.

Yangi, lek eski mavzular

Men yoqtirgan bir qator kitoblarning mavzusi bitta ekan — zabunlikdan yuksakka talpingan, chekkan mashaqqati bois ozmuncha boylik va shuhrat qozongan, lekin yana tepadan pastga qulagan odamlar.

Birinchi, o‘smirlikda o‘qilgan kitob — Jek Londonning “Martin Iden”i.

Ikkinchisi — Ckott Fitsjeraldning “Buyuk Getsbi” romani.

Uchinchisi — Teodor Drayzerning “Geniy” romani.

Ozgina istisno bilan bu qatorga Tomas Vulfning “Vzglyani na dom svoy, angel” (o‘rischada o‘qiganman, o‘zbekcha nomini topolmadim) romanini ham qo‘shsa bo‘ladi.

Izlasak, tuzukroq eslasak yana topiladi.

Deylik, O‘lmas Umarbekovning “Odam bo‘lish qiyin”, O‘tkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” kitoblarida ham uyqash mavzuni ko‘ramiz.

Umuman, yuksalib yana qulagan inson mavzusi o‘quvchini muqarrar rom etadi.

Million bor takrorlanib ham siyqasi chiqmagan muhabbat mavzusi. Hodi Toqtoshdan o‘tkazib aytish qiyin: “Muhabbat ul eski narsadir, har bir qalb oni ëng‘orta”. O‘quvchi o‘qiydi va o‘z yozig‘iga qiyos etadi. Armonlar bo‘lishi shubhasiz. Xuddi rahmatli shoirimiz Abdulla Oripov aytganidek: men muhabbat taqdirimdan maqtanolmayman… Bandasi borki, mudom shu ishtibohni chetlab o‘tolmaydi.

Faqat sen kel, yuragimda armon bo‘lgan his,
Sensiz hayot puch bir narsa, ermak, omonat.

Kambag‘alning alaloqibat ro‘shnolik topishi — Nuh payg‘ambar zamonidan beri adabiyotni cho‘ktirmay kelayotgan mavzulardan biri. Ozgina mohirlik bo‘lsa bas, yozuvchi yutqizmaydi.

Quvligi barobar quvnoq muttaham mavzusi yanada zavqliroq. Eng ibratli isbot uchun Nikolay Gogolning “O‘lik jonlar” poemasini eslash kifoya.

Qarqaralik, qaydan kelding qoshima

…Qaydagi baloni solding boshima…

Mirtemir domlaning shu va yana yuzlab satrlarini ko‘p eslayman.

Yigitlik chog‘ida uning “Surat” dostonini yod bilardim. Mirtemir domla bizga ilk bor va keyin uzluksiz so‘z sehru hayratini tortiq etgan insonlardan biri edi.

Mirtemir domla o‘zbekcha so‘ylagani, o‘zbekcha o‘ylagani, yorug‘ dunyoni o‘zbekcha idrok etgani bilan ko‘ngilga yaqin. Qoraqalpoq, qozoq va boshqa turkiy qardoshlarning ham aytuv-aytishuvlarini mukammal bilgan, qardoshlar ohangini o‘zimizning sof o‘zbekcha ohanglarga bexato payvand eta olgani bilan ko‘ngilga yaqin.

O‘zbekcha so‘zlash va yozish haqida gap ketarkan, Abdulla Qodiriy bilan G‘afur G‘ulomni tilga olmasam gunoh bo‘ladi.

Qodiriyning tahsinga sazovor “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari emas, hajviy hikoyalari (hatto yeng ichida bitilgan feletonlari ham) menga katta maktab bo‘lgan. Adibning kichik hikoyalari — butunlay boshqa olam. Ularda yozuvchi roman janrining qafas yanglig‘ qoidalaridan butkul ozod qiyofada ko‘rinadi, o‘zbekning ko‘chalarni to‘ldirib jaranglagan sarbast va sodda tilida so‘zlaydi, xalqona iboralar, kinoya, qochiriqlarni ishlatadi, boringki, o‘z tilining jozibasini ko‘rsatadi. Yayrab, huzur qilib yozgani har bir satrida zuhur etadi.

G‘afur G‘ulomning nasriy asarlari haqida ham ayni shu fikrni aytish mumkin. Yaqinda bir singlimiz “Shum bola” haqida gapiraturib, asarning dastlabki qismi qatag‘on yillarida yozilganini eslatdi, keyin, ommaviy qo‘rquv zamonida muallif ko‘ngliga shu qadar quvnoq ohang qanday sig‘di ekan, deya savol qo‘ydi. Buni hech o‘ylamagan ekanman. Ko‘plashib, balki G‘afur G‘ulom qo‘rquvdan qochib, Shum bola sarguzashtida panoh topgandir, degan xulosaga ham keldik. Mavhum, lekin universal xulosa. U bilan asarning o‘sha og‘ir zamonda chala tashlab qo‘yilganini ham bemalol izohlasa bo‘laveradi.

Ba’zida “Shum bola” cho‘-o‘-o‘zib yozilgani yaxshi bo‘lgan, deb o‘ylab qolaman. 1936-yildagi G‘afur G‘ulom nasrga unchalik bo‘yin egmagani aniq. Lekin 1962-yildagi G‘afur G‘ulom nasriy asar beradigan zavq ash’or zavqidan kam emasligini bilib ulgurgan. “Yodgor”, “Netay”, “Mening o‘g‘rigina bolam”, Nasriddin Afandi turkumi… Biri biridan sara asarlar. Lekin “Shum bola” — haqiqiy shedevr. Unda Sharq adabiyotini chuqur bilgan donishmand odamning ko‘lamli shaxsi borki, sahifalarda “Ming bir kecha”, eski jangnomalar, asrlar osha xalq ichida yashab kelgan quv latifalar nafasi seziladi.

“Shum bola” shu qadar xalqchil va sevimliki, hatto yuristlar ham uni o‘rganadi va taqriz yozadi: “Agar ikki qahramonni (ng) (Shum bola bilan oshnasi Omon — M.M.D.) psixologik kriminogen delinkventlik holatini tahlilga olsak… faqat muhtojlik — turli kriminogen vaziyatlarga aralashib qolishiga sabab bo‘ladi”.

Iqtibos — real, uni keltirganim — shunchaki hazil.

Odil bo‘lish qiyin

Jiddiy gapga qaytsak, yozishni hunar tutgan kishi hech qachon odil kitobxon bo‘lolmaydi. Qaysi kitobni o‘qisa, uning qadrini o‘zi pesh bilgan aqida qarichi bilan o‘lchaydi. Turli mayl va istaklaridan bir nafas bo‘lsin uzoqlashib ketolmaydi, o‘rinsiz ishlatilgan so‘zga qoqilsa, butunboshli kitobni chekkaga uloqtirishi ham mumkin.

O‘zimdan misol keltirsam, Dostoyevskiyni dastur va umumiy savodu saviyani oshirish zarurati bois ko‘p o‘qiganman, lekin ijodiga ko‘ngil qo‘ya olmaganman. Ha, albatta, dunyoga mashhur ulkan yozuvchi, o‘z millatining ko‘rki, g‘ururi. Lekin uning shaxsida ham, asarlarida — goh oshkora, goho pinhona — shovinizm seziladi. Shuni tanga singdirishim qiyin.

Tolstoyning shaxsida ham, asarlarida ham kenglik, tantilik ko‘raman. O‘zi iqror bo‘lmish yuzlab gunohlari bilan, umr bo‘yi haqni izlab chekkan iztiroblari bilan qo‘shib sevishga arziydigan buyuk yozuvchi!

Yana bir yaxshi ko‘rgan, balki eng yaxshi ko‘rgan yozuvchim — Gogol. Dardli istehzoda tengi topilmas adib. Undan o‘zimga ham ozgina yuqqan. Har holda, bilgichlar shunday deydi.

Kutubxonamda Gogolning sho‘rolar zamonidan ham oldin chop etilgan o‘n kitobdan iborat to‘plami bor. To‘qqiz kitobning muqovasi uringanu, lekin sog‘. Eng ko‘p o‘qilgan bo‘lsa kerak — “O‘lik jonlar”ning asl muqovasi saqlanmagan, boshqa jo‘nroq latta muqova ichiga solingan.

Ba’zan Gogolni ovoz chiqarib o‘qiyman. Zavqlanaman, baralla kulaman. Necha yillardir oldin bolalarimga ham o‘qib berdim. Ular diqqat bilan eshitdi, ammo men tuygan zavqni tuymadi. Afsuslandim, lekin xafa bo‘lib o‘tirmadim. Men uloqchi ot emasmanki, toylarim izimni bossa…

Kimdan, qaysi yozuvchidan nimani va qancha o‘rganganimni dabdurustdan aytishim qiyin. Har bir katta yozuvchining betakror uslubi bor. Shunga qoyil qolib o‘qishning o‘zi kifoya. Vaqtida biz talashib o‘qigan adiblarni sanab sanog‘iga yetolmayman: Heminguey, Folkner, Remark, Akutagava, Tagor, Garsia Markes, Asturias, Fozil Iskandar va boshqa va boshqalar…

Uzun ro‘yxatda “Darvesh va o‘lim” romani muallifi Mesha Selimovich ham bor edi. Keyinroq, ancha keyin Milorad Pavichning nomi qo‘shildi.

Har biriga ta’rif bermoqqa bir bandaning umri yetmaydi.

Do‘stlar bilan Mag‘ribu Mashriq adabiyotidan ko‘p yozuvchilarni o‘qidikki, kitob nomlarining o‘zi kichkina kitob bo‘ladi. O‘qigan o‘qimaganga maqtanib so‘zlagan kitoblar nomi undanda bisyor.

Adabiyotda nedir tuzukroq narsalar bitgan tengdosh shoiru yozuvchilarni avlod atash rasm bo‘lgan. Boringki, boshqalar uchun avlod ham bo‘laylik. Rostparast, so‘zparast, betgachopar; nosirlari ancha kibrli, shoirlari o‘ta baqiroq, keyinroq sal bosilib, onda-sonda tazarru tarafga ham yuz burgan avlod…

Tabiiyki, qandaydir mavhum avlodni o‘ylamasdik. Nuqul “men” deb gapirardik. Keyinroq insofga kelib, “biz” yoki “o‘zimiz” deb gapirishni ham o‘rgandik. Ayniqsa — “o‘zimiz” degan anglashma davraga huzur baxsh etardi.

Bugun davramiz jisman kichraygan. Lekin tirik yurganlar har gal yig‘ilganda yana kengayadi — g‘oyibga ketgan do‘stlar qaytib keladi…

“Tafakkur” jurnalining
2023-yil 1-sonidan olindi