Qoraqalpog‘iston Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan asossiz ravishda mablag‘larni sarflanishi aniqlandi. Bu haqda Hisob palatasi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Hisob palatasi tomonidan budjet kodeksining 26-moddasiga (Hisob palatasining budjet sohasidagi vakolatlari) asosan mahalliy budjetlarning 2022-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti tashqi audit va baholashdan o‘tkazildi. Tashqi audit hamda masofaviy tarzda olib borilgan risk-tahlillarda kuzatilgan shubhali holatlar joyiga chiqqan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganildi.

O‘rganishda Qoraqalpog‘iston Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan asossiz ravishda mablag‘larni xarajatlar smetasini shakllantirish jarayonida budjet tashkilotlariga ajratib bermasdan markazlashtirgan holda jamlab, keyinchalik boshqa yo‘nalishlarga qayta taqsimlangani aniqlandi.

Shuningdek, o‘tkazilgan o‘rganishda markazlashtirilgan mablag‘lardan tanlov asosida 102 mlrd so‘mning sarflanishi tekshirilganda 14,2 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Jumladan, 71,2 mlrd so‘mlik qurilish va ta’mirlash ishlarini bajarishda 7,5 mlrd so‘mlik asossiz ortiqcha mablag‘lar olingan hamda sifatsiz ishlar bajarilgan bo‘lsa, 30,8 mlrd so‘mlik asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklar 6,7 mlrd so‘mga qimmat narxlarda xarid qilingan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ullarga qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish va kelgusida yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga ko‘rsatma yuborildi.

Shuningdek o‘rganish yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.