Abdulla Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti mansabdorlariga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvi sabab jinoiy ish ochildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi buni fevral oyida kelib tushgan murojaat asosida o‘rganib chiqqanini ma’lum qildi.

Institut Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarashli tashkilot hisoblanadi. 2020-yilda Rossiya maorif vazirligi va o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi 5 mln dollar sarmoya kiritgan Alisher Usmonovning “San’at, fan va sport” xayriya jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirilishi aytilgan “Zo‘r!” (“Klass”) loyihasi yo‘lga qo‘yilgan.

2021−2022 o‘quv yillarida loyiha bo‘yicha hududlardagi maktab o‘quvchilariga rus tilini o‘rgatish uchun Rossiyadan 150 nafar mutaxassis kelishi kerak edi. Ularning uy ijarasi uchun “Araks Trade Business” MCHJ bilan 8 mlrd 473,4 mln so‘mlik shartnoma imzolangan. Ushbu shartnoma kompleks ekspertizadan o‘tkazilmagan va uni tuzishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan, deyiladi xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, “Araks Trade Business”ning 2013−2021-yillardagi ta’sischisi bo‘lgan shaxs 2018-yildan buyon institutda o‘quv-metodik ishlar bo‘yicha prorektor bo‘lib ishlaydi.

Shartnomaga muvofiq, institut 149 ta uy-joy ijarasi va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun MCHJga 7 mlrd 52 mln so‘m mablag‘ o‘tkazib bergan. Biroq qilingan xarajat 4 mlrd 858 mln so‘mga teng. Oqibatda “Araks Trade Business”ga 2 mlrd 194,2 mln so‘m mablag‘ ortiqcha to‘lab berilgan va bu mablag‘ keyinchalik o‘zlashtirilgan. Xususan, 149 kishidan 31 nafar rossiyalik o‘qituvchi amalda kelmagan bo‘lsa-da, 4 oydan 10 oygacha yashamagan ijara uy-joylari uchun 569,4 mln so‘m pul to‘langan.

Aniqlangan holat bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilish uchun hujjatlar Bosh prokuraturaga yuboridi. Tergovga qadar tekshiruv natijalari bo‘yicha shahar prokuraturasi institut va “Araks Trade Business”MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda holat bo‘yicha sud jarayonlari kechmoqda.

Agar mansabdorlarning aybi tasdiqlansa, ular BHMning uch 300−600 baravarigacha miqdorda jarima to‘lashi yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb etilishi yoxud 5−10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.