Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-iyul kuni bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimidagi nutqida (video) O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini atrof-muhitga zarar yetkazmasdan rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Ekologiya va atrof-muhitni asrash, suv taqchilligining oldini olish bundan buyon ham biz uchun dolzarb vazifa bo‘lib qoladi, dedi u.

“Biz, hech shubhasiz, ekologik muvozanat, musaffo havo, toza suv, bezavol tabiat tarafdorimiz. Bu masala biz uchun boshqalarga qaraganda nihoyatda dolzarb va muhimdir. Nega deganda, biz dunyodagi eng katta ekologik ofat — Orol fojiasini bevosita o‘z boshidan kechirayotgan xalqmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuning uchun hozirgi vaqtda respublikada eko-tizimni saqlash va mustahkamlashga qaratilgan dasturlar, jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda, deya qayd etdi u.

Shavkat Mirziyoyev kelgusida bu ishlarni yanada jadal davom ettirilishini ta’kidladi. Yangi quriladigan sanoat korxonalari loyihalarida bu masala bo‘yicha qattiq nazorat o‘rnatiladi. Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun ham barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘ramiz, dedi u.

“Ayni paytda biz faqat dehqonchilik bilan kun ko‘radigan mamlakat bo‘lib qolmasligimiz kerak. Biz atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda, ishlab chiqarish industriyasi kuchli darajada rivojlangan davlatga aylanishimiz zarur” — dedi Prezident.

Prezident mamlakatda bugun mavjud bo‘lgan sanoat salohiyati dunyodagi ko‘pgina davlatlarda yo‘qligini ta’kidladi.

“Biz mana shunday noyob salohiyatimizni yanada rivojlantirish, yurtimizni qudratli industriya makoniga, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan zamonaviy mamlakatga aylantirish bo‘yicha katta-katta dasturlar qabul qilganmiz va ularni albatta amalga oshiramiz. Biz nafaqat mohir paxtakor va bog‘bonlar o‘lkasi, balki yuqori malakali IT mutaxassislar, injener va energetiklar, konchi va metallurglar, fizik va kimyogarlar mamlakati bo‘lishimiz kerak”, — dedi u.

“O‘zbekistonimizning yer osti va yer usti boyliklari ko‘p. Lekin bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz — bu yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli xalqimizdir”, — dedi prezident.