Shavkat Mirzyoyev tomonidan “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun [O‘RQ-854] 11.07.2023 y) imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qonun 2-iyun kuni Senat tomonidan ma’qullangandi.

Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi hamda Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Milliy gvardiya hamda ichki ishlar organlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohadagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha choralar ko‘rishi belgilandi.

Shuningdek, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar sodir etgan aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha Milliy gvardiya va ichki ishlar organlariga vakolatlar berishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritildi.

Hujjatga ko‘ra, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning yurisdiksiyasiga o‘tkaziladi:

  • 63-modda (G‘ayriqonuniy ov, baliq ovlash mahsulotini, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash mahsulotini qabul qilib olish);
  • 72-moddaning 1 va 4-qismlari (Suvlarni ifloslantirish yoki bulg‘atish, suvto‘plagich inshootlarda suvni muhofaza qilish rejimini buzish, suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzishga oid qismida, bundan yer osti suvlariga doir huquqbuzarliklar mustasno);
  • 79-moddaning 1 va 3-qismlari (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish);
  • 88-modda (Atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik, bundan bitum eritish chog‘ida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik mustasno);
  • 90-moddaning 1-qismi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish);
  • 91-модда (Sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzishga oid qismida);
  • 91−1-moddaning 1, 2 va 3-qismlari (Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish);
  • 91−2-modda (Sanitar tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish bo‘yicha talablarni buzish).

Bundan tashqari, Milliy gvardiya xodimlari 161-modda (Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish) bo‘yicha ishlarni ham ko‘rib chiqadi.

Qonunga kiritilgan o‘zgartishlar bilan bu ishlarni ko‘rib chiqish va jarima tariqasidagi ma’muriy jazo qo‘llash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar, shuningdek, ularning nomidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzish vakolatiga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya tuzilmalarining mansabdor shaxslari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning mansabdor shaxslariga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida muayyan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni ma’muriy qamoqqa olish vakolati berildi (IIV uchun 63, 72, 79, 88, 90, 90−1, 91, 91−1, 91−2, 110, 111 moddalar), Milliy gvardiya uchun 63, 72, 79, 88, 90, 901, 91, 91−1, 91−2 moddalar).

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.