Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zi raisligida investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida bir qator rahbarlarni ishdan oldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Bundan to‘rt yil avval “Toshkent-Samarqand”, “Toshkent-Andijon” pullik yo‘llari va “Taxtaqoracha” dovonida pullik tonnel qurish topshiriqlari berilgan. Lekin na loyiha qilish, na investor jalb qilish bo‘yicha haligacha amaliy ishlar boshlanmagan.

Qayd etilishicha, bugungi kunda temir yo‘lda 2,5 mingta yuk vagoni yetishmasligi, mavjud vagonlarning 3,5 mingtasi esa ta’mirtalabligiga qaramay, ularni ko‘paytirish, yo‘llarni modernizatsiya qilish uchun bor-yo‘g‘i 16 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirgan.

Shuningdek, xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish hajmi o‘tgan yilga nisbatan “O‘zavtosanoat”da 47 foizga, to‘qimachilikda 43 foizga, qurilish materiallarida 31 foizga kamaygan.

Shu bois, investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganliklari uchun suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Baxtiyor Kamalov, transport vaziri o‘rinbosari Abdusamad Mo‘minov, “Suvta’minot” rahbari Sohib Saifnazarov, “Temir yo‘l” rahbari Husnutdin Xosilov va “Avtoyo‘l” rahbari Abdurahmon Abduvaliyev lavozimidan ozod etildi.

“O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ raisi Bahodir Jo‘rayev, “O‘zsanoatqurilishbank” raisi Saxi Annaklichevga “hayfsan” e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 21-oktabr kuni suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi Husnutdin Xosilov ogohlantirilgandi.

Ma’lumot uchun, Abdurahmon Abduvaliyev 2017-yil mart oyidan beri Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi bo‘lib kelayotgandi.