Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro sherikchilik tashabbuslari haftaligi doirasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Lyuksemburg, Litva va Germaniyaning 6 ta ish beruvchi kompaniyasi bilan memorandumlar imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar qilmoqda.

Jumladan, Germaniyaning CBZ München GmbH, Bildungswerk der Sächsischen Wirtschaft gGmbH (bsw), Ernst Klett Präsenzlernen Osteuropa GmbH, High Standart Personal GmbH va Opasca kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Germaniyaning Ernst Klett Präsenzlernen Osteuropa GmbH kompaniyasi bilan hamshiralik ishi va parvarishi (keksalarga g‘amxo‘rlik) yo‘nalishida O‘zbekistondan mutaxassislarni vaqtincha mehnat faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatildi.

Bundan tashqari, mazkur davlatga payvandlash, elektrotexnika va chilangarlik sohalari mutaxassislarini mehnat faoliyatiga jalb etish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Lyuksemburgning WishWorks rekruterlik agentligi bilan ham mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha memorandum imzolandi. Ushbu hujjatga ko‘ra, Lyuksemburg kompaniyasi mahalliy ish beruvchilar bilan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini ishga joylashtirish bo‘yicha ish olib boradi.

Litvaning Eurodas kompaniyasi bilan ham xamkorlik o‘rnatish, O‘zbekiston fuqarolarini Litvada haydovchilik sohasida mehnat faoliyatiga jalb qilish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan memorandum imzolandi.