O‘zbekiston energetika tizimida birinchilardan bo‘lib “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi. Endilikda yashil sertifikatlar birja savdosi orqali mahalliy va xorijiy hamkorlarga sotila boshlaydi.

O‘zbekiston prezidentining 12-maydagi ““Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-156-sonli qaroriga muvofiq, 2023-yil 1-iyuldan boshlab “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimidagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi.

Joriy hisob-kitoblarga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufida 53 ta GES mavjud bo‘lib, umumiy gidroenergetik quvvati 2225 MVtga teng. GESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmidan kelib chiqqan holda, jamiyat tomonidan yiliga 7 mln dona “yashil energiya” sertifikatlari birjaga savdoga chiqarilishi hamda talabgorlarga taqdim qilish imkoniyati mavjud. Bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi.

2030-yilga kelib O‘zbekiston iqtisodiyotida energiya samaradorligi ikki karra oshirilib, qariyb 50 mlrd kVt/soat “yashil energiya” ishlab chiqarilishi mo‘ljal qilinmoqda. 10 ming km magistral va 110 ming km hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.

Energetika sohasining ajralmas “yashil bo‘g‘ini” hisoblangan gidroenergetika sohasida mazkur yo‘nalishda qator amaliy ishlar izchil tatbiq etilmoqda.

“Yashil energiya” sertifikati quyosh, shamol, gidroenergetika va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ma’lum miqdorda energiya ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjatdir. O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti (I-REC) bilan kelishuvga erishdi hamda ushbu tizimni tartibga soluvchi mas’ul organ (emitent) sifatida ushbu tashkilot akkreditatsiyasidan o‘tgan.

реклама, ўзбекgiдроэнерго

O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi tomonidan birja savdolarida “yashil energiya” sertifikatlarini sotishga mo‘ljallangan alohida “yashil energetika seksiyasi” tashkil qilingan bo‘lib, spot.uzex.uz sayti orqali “yashil energiya” sertifikatlarini sotuvga qo‘yib boradi. Iste’molchi tomonidan “yashil energiya” sertifikatlarini xarid qilish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuziladi hamda shartnoma asosida O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, ya’ni emitentga gidroelektr stansiyada ishlab chiqarilgan elektr quvvatiga mos bo‘lgan hajmda sertifikat chiqarish bo‘yicha talabnoma yuboradi.

Ushbu talabnoma asosida emitent jamiyat nomiga “yashil energiya” sertifikatlarining yagona elektron platformasida sertifikatlarni chiqarib beradi. Oxirgi bosqichda jamiyat tomonidan sertifikatlar iste’molchi nomiga hisobdan chiqariladi.

I-REC sertifikatlarini sotish mamlakatga ekologik mas’uliyat va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga sodiqligini namoyish etish imkonini beradi hamda tabiiy ravishda O‘zbekistonning xalqaro darajadagi ekologik reytingini oshiradi.

Reklama huquqlari asosida.