Namangan viloyatidagi Yangi Axsi arxeologik yodgorlik majmuasidan noyob tangalar topildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, ushbu topilmalar 1200−1500-yillik tarixga ega va yaxshi saqlangan. Ular ichida 475−600 yillarga mansub Baqtriya kumush tangalari mavjudligi jamoatchilikda qiziqish uyg‘otgan.

O‘rta Osiyoda birinchi kumushdan yasalgan tangalar miloddan avvalgi III asrda chiqarilgan. Uning yuza qismi — aversiga podshoning surati, orqa tomoni — reversiga esa har xil xudolar, muqaddas hayvonlar tasviri solingan yoki podsholarning nomi yozilib, tamg‘asi tushirilgan, deyiladi xabarda.

IX asrga oidligi aytilayotgan Qoraxoniylar hukmronligi davridagi kumush tangalar ham arab yozuvidagi bejirim xatga ega. Yana bir tanga mutaxassislar e’tiborini tortgan. Uning aversida arab yozuvi, reversida xitoy iyerogliflari mavjud.

Ayni paytda olimlar tangalarning tasvirlari, yozuvlari, og‘irligi, qanday metalldan yasalgani, pul muomalasidagi darajasi va tanga zarb qilinish tarixini o‘rganmoqda.