30-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonun [O‘RQ-849-son] bilan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston — Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma (Toshkent, 2022-yil 22-dekabr) ratifikatsiya qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Ushbu qonun Senat tomonidan 23-iyun kuni imzolangandi.

Hujjat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tomonidan uning 2022-yil 21-dekabr kuni O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan.

Shartnomaga ko‘ra O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi Davlat chegarasining demarkatsiya qilingan chizig‘i uzunligi 2 356 kilometrdan ortiqdir. Shartnoma bilan O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini belgilash bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratildi.