Farg‘ona, Sirdaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq bir nechta firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Xususan, Quvasoy shahridagi maxsus maktab internat xodimi muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, Farg‘ona davlat universiteti talabasi bilan birgalikda mahalliy fuqaroni mazkur oliy ta’lim muassasasining “Boshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ishi” yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3400 dollar talab qilgan.

DXXning viloyat bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Jarayonda maxsus maktab internat xodimi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Buvayda tumanida kuzatilgan holatda esa umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Rishton tumanida yashovchi fuqaroning Qirg‘iziston oliy o‘quv yurtidagi o‘qishini Andijon davlat tibbiyot institutiga ko‘chirib berish evaziga 8 ming dollar talab qilib, oldindan 1500 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Yana bir holat Toshkent shahrida qayd etilgan. Milliy universitet talabasi mansabdor tanishlari orqali Nurafshon shahrida yashovchi fuqaroni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 7500 dollar talab qilib, oldindan 4000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Boshqa bir holatda Buxoro innovatsiyalar universiteti xodimi mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uni Qirg‘izistondagi oliy o‘quv yurtida o‘qiyotgani to‘g‘risida soxta hujjatlar tayyorlab, ko‘chirish yo‘li bilan Buxoro shahridagi Osiyo xalqaro universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 26 mln so‘m talab qilgan va oldindan 500 dollar va 14,4 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Sirdaryo viloyatidagi holatda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi, 1997-yilda tug‘ilgan shaxs Guliston shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari yordamida uni Guliston davlat universitetining “Ijtimoiy-iqtisodiy” fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4500 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyati ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.