26-iyun kuni Hukumat qarori [262-son] bilan OAVni qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha nizomlar tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Bolalar uchun mo‘ljallangan eng yaxshi tele- va radioloyiha tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi.

Bunda tanlov 2 yo‘nalishda — “bolalarga mo‘ljallangan eng yaxshi teleloiyha” va “bolalarga mo‘ljallangan eng yaxshi radioloyiha” nominatsiyalarida tashkil etilib, jami 30 ta eng yaxshi loyiha moliyalashtiriladi. Tanlov har yili iyul-avgust oylarida, g‘oliblarni taqdirlash sentabrda o‘tkaziladi.

Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan eng yaxshi material" tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi.

Shunga ko‘ra, tanlov har yili chorak yakuni bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkaziladi:

  • gazetalar va jurnallarda chop etilgan materiallar;
  • telekanallarda efirga uzatilgan materiallar;
  • radiokanallarda efirga uzatilgan materiallar;
  • veb-saytlarda e’lon qilingan materiallar.

Bunda har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar tegishlicha BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 50 baravari (1-o‘rin), 40 baravari (2-o‘rin) va 30 baravari (3-o‘rin) miqdorida rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, har bir yo‘nalish bo‘yicha 5 tadan 22 tagacha sovrindorlar aniqlanib, ular BHMning 10 baravari miqdorida rag‘batlantirilishi nazarda tutilgan.

OAV xodimlarining xorijiy tillarni o‘rganish hamda xorijiy tillar bo‘yicha tegishli milily yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish uchun imtihon topshirish xarajatlarini qoplash tartibi to‘g‘risidagi.

Nizomga muvofiq, OAVda kamida 1 yil davomida asosiy ish joyi sifatida ishlab kelayotgan xodimlarning xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 15 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilinadi. Bunda ular xorijiy tillar bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi lozim.

Jismoniy shaxslar tomonidan davriy bosma nashrlar, kitob va boshqa matbaa mahsulotlariga elektron tarzda obuna bo‘lish hamda davriy bosma nashrlar uchun obuna xarajatlarining bir qismini qaytarib berish tartibi to‘g‘risidagi.

Bunga ko‘ra, “Obuna” yagona elektron platformasi va uning mobil ilovasi orqali davriy bosma nashrlarga obuna xarajatlarining qaytariladigan miqdori obuna rasmiylashtirilgandan 1 oy o‘tganidan keyin shakllantiriladi.

Obuna xarajatlarining bir qismi quyidagi miqdorlarda qaytariladi:

  • ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy, huquqiy, ilmiy-ommabop davriy bosma nashrlar — obuna narxining 10 foizi miqdori;
  • bolalarga mo‘ljallangan davriy bosma nashrlar — obuna narxining 20 foizi miqdori.

Davlat organlari va tashkilotlari muassisligida bo‘lmagan davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shakllarini yaratish, ularni modernizatsiya qilish va bir yil davomida yuritish xarajatlarini qoplash tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom.

Bunda har yili eng yaxshi 20 ta loyihani aniqlash bo‘yicha tanlov e’lon qilinib, g‘olib loyihalarga O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan mablag‘ ajratiladi.