AQSh sohil qo‘riqlash xizmati qo‘mondonlaridan biri kontr-admiral Jon Moger 22-iyun oqshomida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Titanik” qoldiqlari tomon yo‘l olgan OceanGate kompaniyasining “Titan” suvosti kemasi cho‘kib ketganini ma’lum qildi. Kema bortida besh kishi bo‘lgan, deb yozadi Meduza. Ularning barchasi halok bo‘lgan. Mana ularning ro‘yxati:

  • 58 yoshli britaniyalik milliarder, Action Group asoschisi Hamish Xarding. U BAAda joylashgan Action Aviation kompaniyasi asoschisi bo‘lib, samolyotlarni sotish va ekspluatatsiya qilish bilan shug‘ullangan;
  • 48 yoshli pokistonlik tadbirkor Shahzod Dovud, Pokistonning eng boy oilalaridan birining a’zosi. U Pokistonda tug‘ilgan, keyin Bukingem universitetida huquq fakultetida o‘qish uchun Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tgan. Shuningdek, u Filadelfiya universitetida marketing bo‘yicha magistrlik darajasini olgan;
  • Shahzod Dovudning 19 yoshli o‘g‘li Sulaymon;
  • 61 yoshli Stokton Rash, ekspeditsiyani tashkil qilgan OceanGate kompaniyasi asoschisi va bosh direktori; The New York Times gazetasining yozishicha, uning rafiqasi Vendi 1912-yilda Titanik fojeasida halok bo‘lgan ikki nafar birinchi klass yo‘lovchilarining avlodi;
  • 77 yoshli fransuz tadqiqotchisi Pol-Anri Narjole, Titanik qoldiqlariga 35 martadan ortiq sho‘ng‘igan fransuz tadqiqotchisi. U o‘z ekspeditsiyalari davomida kema vayronalaridan besh mingdan ortiq narsalarni, shu jumladan, yo‘lovchilarning shaxsiy buyumlarini olib chiqqan. Unga “Janob Titanik” laqabini berishgan.

Jon Mogerning so‘zlariga ko‘ra, kema bortidagilar “fojiaviy imploziya” oqibatida halok bo‘lgan. “Titanik” cho‘kkan joydan taxminan 500 metr naridan halokatga uchragan suvosti kemasining qoldiqlari topilgan. Shu bilan birga, kemaning korpusi hali topilganicha yo‘q.

Atlantika okeanidagi qidiruv operatsiyasi olib borilayotgan joyda. 2023-yil, 20-iyun. Foto: U.S. Coast GuardAtlantika okeanidagi qidiruv operatsiyasi olib borilayotgan joyda. 2023-yil, 20-iyun. Foto: U.S. Coast Guard

“Titanik” tomon ekspeditsiya 16-iyun kuni boshlangan edi. Bortida “Titan” ham bo‘lgan “Polar Prins” kemasi Nyufandlenddan “Titanik” cho‘kkan joy tomon yo‘lga chiqqandi. 18-iyun tongida “Titan” mashhur layner cho‘kkan joyga sho‘ng‘ishni boshlagandi. “Polar Prins” undan so‘nggi xabarni mahalliy vaqt bilan 11:47 da — sho‘ng‘ish boshlanganidan 1 soatu 45 daqiqa o‘tib qabul qilgan.

Suvosti kemasi soat taxminan 18:10 larda suv sathiga ko‘tarilishi kerak edi, ammo bu sodir bo‘lmagan. “Titan” yo‘qolganidan yarim soat o‘tib AQSh rasmiylari bu holatdan xabardor qilingan. O‘sha ondayoq qutqaruv operatsiyasi boshlab yuborilgan.

Yo‘qolgan suvosti kemasini izlash ishlari to‘rt kun davom etdi. Unda AQSh va Kanada sohil qo‘riqlashi xizmatlari, shuningdek, xususiy kemalar qatnashdi. Qidiruv ishlarida gidrolokatori bor samolyotlar va suv havzalarining chuqur qismlariga tusha oladigan qurilmalardan ham foydalanildi.

20 va 21-iyun kunlari Kanadaning Boeing P-8 Poseidon patrul samolyoti “Titan” bo‘lishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy joyda suvosti shovqinlarini qayd etdi. Ammo keyinroq bu shunchaki fondagi shovqin bo‘lib chiqdi. Hisob-kitoblar bo‘yicha 22-iyun kuni suvosti kemasidagi odamlarning kislorod zaxirasi tugashi kerak edi. Shunga qaramay, qidiruv-qutqaruv operatsiyasi to‘xtatilmadi, chunki kislorod zaxirasi borasidagi hisob-kitoblar aniq emasdi.

Buyuk Britaniya harbiy dengiz kuchlari suvosti kemasining sobiq kapitani Rayan Remsining fikricha, “Titan” bilan ikki hodisadan biri yuz bergan: “Yo 17 boltli lyuk ishdan chiqib, yuqori bosim ostida kema korpusi buzilib ketgan — bu hodisa hatto “Titanik”gacha bo‘lgan yo‘lning yarmida yuz bergan bo‘lishi mumkin. Yo bo‘lmasa korpusning o‘zida nosozlik bo‘lgan va yuqori bosim ostida u korpusning buzilib ketishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu bir lahzada sodir bo‘lgan, ekipaj a’zolari nima bo‘layotganini ham anglashga ulgurmay qolgan”.

“Titanik” filmi rejissyori (u cho‘kib ketgan layner qoldiqlari oldiga 33 marta sho‘ng‘igan) Reuters agentligiga bergan intervyusida “Titan” suvosti kemasining konstruksiyasini “dahshatli darajada yomon g‘oya” deya ta’riflagan edi. “Endi uning qoldiqlari ana shu lan’ati omil bois boshqa bir qoldiqlari yonida yotibdi”, — dedi Kemeron, “Titanik” va “Titan” kemalarini loyihalashtirish va qurish jarayonidagi xatoliklarni nazarda tutib.

“Titan” halokatga uchragan joyda olib borilayotgan qutqaruv operatsiyasida qatnashayotgan kemalar. 2023-yil, 22-iyun. Foto: AFP“Titan” halokatga uchragan joyda olib borilayotgan qutqaruv operatsiyasida qatnashayotgan kemalar. 2023-yil, 22-iyun. Foto: AFP

Mutaxassislar “Titan”ni ishga tushirish xavfli ekanligi haqida bir necha bor ogohlantirgan

OceanGate ma’lumotlariga ko‘ra, “Titan” suvosti kemasi “Titanik” qoldiqlari joylashgan 3800 metr chuqurlikka sho‘ng‘ishga qodir bo‘lgan dunyodagi beshta boshqariladigan suvosti kemalaridan biri edi. U kompaniya tomonidan sayyohlar uchun maxsus yaratilgan. Xususiy mijozlar uchun ekspeditsiya narxi har bir o‘rindiq uchun 250 ming dollarni tashkil etgan.

Qurilmaning og‘irligi taxminan 10 tonnani tashkil etgan. Bu uglerod tolali korpusli silindr (devor qalinligi taxminan 13 santimetr) va ikkita titan yarimshardan tashkil topgan bo‘lib, ulardan biri illyuminatorga ega. “Titan” 4000 metr chuqurlikka sho‘ng‘ish inmoniga ega bo‘lib, BBC News ma’lumotlariga ko‘ra, bu AQShdagi eng chuqur suvosti kemasi hisoblangan USS Dolphin’ning imkoniyatidan ham ancha ko‘p.

“Titan”ning uzunligi 6,7 metr, kengligi 2,8 metr va balandligi 2,5 metrni tashkil qiladi. Suv tubiga sho‘ng‘ish paytida zarur ko‘rsatmalarni suv usti kemasidan oladi. Suvosti kemasining o‘zi dastlab videoo‘yinlar uchun mo‘ljallangan, keyin esa takomillashtirilgan Logitech F710 simsiz pulti yordamida boshqariladi.

Besh yil avval OceanGate rahbariyati “Titan” suvosti kemasini ekspluatatsiya qilish xatarli bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan edi, deb yozadi The New York Times. 2018-yil boshida kompaniyaning o‘sha paytdagi dengiz operatsiyalari bo‘yicha direktori Devid Lokrij kemani qo‘shimcha sinovlardan o‘tkazish zarurligi, “kema haddan tashqari chuqurlikka sho‘ng‘igan taqdirda, “Titan”dagi yo‘lovchilar uchun potensial xavf” qayd etilgan hisobotini e’lon qilgan. Lokrij shuningdek, suvosti kemasining ko‘rish oynasi faqat 1300 metr chuqurlikda ishlash uchun sertifikatlanganligini bildirgan.

Hisobot e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay OceanGate rahbariyati Lokrijni ishdan bo‘shatadi. Kompaniya, shuningdek, uni maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilishda ayblab, sudga bergan. Sobiq xodim ham noqonuniy ishdan bo‘shatganligi uchun kompaniyaga qarshi da’vo ochgan. 2018-yil oxirida Lokrij va kompaniya yarashuvga erishgan.

O‘sha yili Amerika Dengiz texnologiyalari jamiyati boshqariladigan suvosti kemalari qo‘mitasining 38 a’zosi OceanGate bosh direktori Stokton Rashga suvosti kemasi xavfli ekanligi haqida ogohlantirish xati yuboradi. Mutaxassislar “Titan”ni ishlab chiqish jarayoni, “Titanik”ka rejalashtirilgan missiyalar, kompaniyaning xavfsizlikni baholashda standart usullardan voz kechish qarori va uning “halokatli” muammolarga olib kelishi mumkinligidan o‘z “xavotir”ini bildirgan.

Maktub mualliflaridan biri Uill Konenning The New York Times nashriga ma’lum qilishicha, murojaat kelib tushganidan so‘ng OceanGate rahbari unga qo‘ng‘iroq qilib, sanoat standartlari innovatsiyalarni ortga surayotganini ta’kidlagan edi.

OceanGate 2021-yili “Titanik”ning oldiga muvaffaqiyatli sho‘ng‘ish amalga oshirilgani haqida birinchi marta axborot bergandi. 2022-yildagi ekspeditsiyalardan birining yakuni bo‘yicha kompaniya “Titanik” qoldiqlarining 8K sifatda olingan videosini e’lon qilgandi.