Toshkent viloyatida 11 yoshli bola onasining unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgani ustidan Bola huquqlari bo‘yicha vakilga murojaat qildi, xabar berdi Bolalar ombudsmani matbuot xizmati.

Bola buvisi bilan birga vakil qabuliga kelib, uyidan buvisinikiga qochib ketgani, opasi, akasi va singlisi onasi bilan qolgani hamda otasi vafot etganini aytgan.

“Onasi tomonidan uch marta ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan murojaatchi bolaning so‘zlariga ko‘ra, bir kuni onasi bilan karta o‘ynashganida, karta tushib ketgani uchun onasi pichoq bilan ko‘krak qafasiga urgan, tanasida pichoq o‘rni chandiq bo‘lib qolgan”, deyiladi xabarda.

Aytilishicha, 11 yoshli bolakay maktabga bormaydi, o‘qish-yozishni bilmaydi, buvisi bilan yashashni hohlaydi. Ona esa doimiy ravishda spirtli ichimliklar iste’mol qiladi va bolalariga yaxshi munosabatda bo‘lmaydi.

Bolalar ombudsmani va boshqa rasmiylar holatni joyiga chiqib o‘rganish uchun xonadonga borganida, ayol o‘zini odobsizlarcha tutib, xonadon eshigini ochmagan, qolaversa, barchani haqoratlab, ketishlarini talab qilgan.

“Holat yuzasidan tezkorlik bilan hamkor tashkilotlar, jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari bilan ishlar olib borildi. Shu kuni ayolning spirtli ichimliklar ta’sirida bo‘lgani va bu holat ko‘pdan beri davom etib kelayotgani, uyining sanitariya holati qoniqarli emasligi hamda qaramog‘ida bo‘lgan bolalari qarovsiz qolgani aniqlandi”, — deya keltirilgan xabarda.

Ayol davolanish uchun tibbiy muassasaga joylashtirildi. Bolalar onasi davolanib oilasiga qaytguncha Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi. Bolalarga huquqiy, tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ma’lumot uchun, davlat bolaning shaxsi, uy-joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini ta’minlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, huquqbuzarliklar va g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qiladi.