20-iyun kuni “Ma’muriy islohotlar doirasida suv xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni [PF-101-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmon bilan Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari tasdiqlandi.

2030-yil yakunigacha vazirlikning quyi (tuman) bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish, fermer xo‘jaliklari va boshqa suv iste’molchilariga suv yetkazib berish hamda suvning hisobini yuritish funksiyasi bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklikka o‘tkaziladi.

2023-yil sentabrgacha barcha tumanlarda suv resurslarini boshqarishni davlat-xususiy sheriklikka o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Farmonga ko‘ra, Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta nomlandi.

Inspeksiya 2023-yil 1-avgustdan suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibiga rioya etilishi hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan samarali foydalanilishi bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshiruvlarni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan amalga oshiradi.

Inspeksiya yer usti suvlaridan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini hamda suv olish tartibini buzish holatlari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish, shuningdek, jismoniy shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llashi mumkin.

2025-yil 1-yanvargacha “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona axborot tizimi yaratilib, suv xo‘jaligi bo‘yicha barcha dasturiy ta’minotlar mazkur tizimga bosqichma-bosqich integratsiya qilinadi.