Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligida 14-iyun kuni o‘tkazilgan 1 mlrd 38 mln so‘mlik davlat xaridini unda ishtirok etgan 2 nafar tadbirkorning ta’sischisi er-xotin bo‘lgani sababli bekor qildi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, xarid komissiyasi tomonidan ushbu affillanganlik holatiga baho berilmagan va nohalol raqobat kelib chiqqan bo‘lishiga qaramay, tanlovni o‘tkazishni vaqtinchalik bekor qilish choralari ko‘rilmagan.

Oqibatda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi (Raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (Manfaatlar to‘qnashuvi), 23-moddasi (Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi) va 42-moddasi (Ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari) hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning bir nechta talablari buzilgan.

Shuningdek, davlat xaridida qatnashgan ikki tadbirkorning hujjatlarini o‘rganishda ularning tayyorlanishi, shakli va shu kabi boshqa holatlarga umuman baho berilmagan, hujjatlarning bir joyda tayyorlangani ko‘rib chiqilmasdan, bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Agentlik tomonidan bu holatlar bo‘yicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida 14-iyun kuni buyurtmachiga taqdimnoma kiritilgan hamda qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga yuborilgan.

Agentlikning taqdimnomasiga binoan Yozyovon tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi 16-iyun kuni xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilgan.

Avvalroq Transport universiteti o‘tkazgan 1,2 mlrd so‘mlik davlat xaridi unda qatnashayotgan tadbirkorlarning hujjatlari elektron platformaga xarid komissiyasi foydalangan kompyuter IP-manzili orqali yuklangani uchun bekor qilingandi.