Belarus transport va kommunikatsiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Aleksey Lyaxnovich boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha O‘zbekiston — Belarus qo‘shma komissiyasi majlisi o‘z ishini boshladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘shma komissiya majlisida tomonlar avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari jarayonida milliy tashuvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, xorijiy ruxsatnoma blankalarini o‘zaro almashish kvotasini ko‘paytirish bilan bog‘liq jihatlarni ko‘rib chiqmoqda.

Shuningdek, ular Belarus — Rossiya — Qozog‘iston — O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston yangi multimodal transport koridorini shakllantirish (yaratish) bilan bog‘liq masalalarni muhokama etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 8-iyun kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov rossiyalik hamkasbi Mixail Mishustin bilan muzokaralar o‘tkazib, unda ushbu multimodal koridorni birgalikda yaratish tashabbusini ilgari surgandi.

“Mintaqamizdagi asosiy transport arteriyalaridan biri bo‘lgan „Shimol-Janub“ xalqaro yo‘lagini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Birgalikda Belarus — Rossiya — Qozog‘iston — O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston yangi multimodal transport yo‘lagini shakllantirishni taklif qilamiz”, — deya Abdulla Aripovning so‘zlarini keltiradi Rossiya hukumati matbuot xizmati.

Avvalroq Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston multimodal transport yo‘lagida yuk poyezdi harakati yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandik.