3-iyun kuni Toshkent tumanida 5 yoshli bola kanalda oqib ketdi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Bola yashash uyning oldi tomonidan oqib o‘tuvchi Zaxariq kanaliga ehtiyotsizligi oqibatida tushib oqib ketgan. Hozirda bolani qidirib topish bo‘yicha barcha zarur tezkor choralar ko‘rilmoqda.

Qarindoshining so‘zlariga ko‘ra, mazkur hududda ichimlik suvi yo‘qligi sababli kanaldagi suvdan foydalanishgan.

“Suv olgani kanalga chiqqandim, birinchi “tapochka” oqib o‘tdi, keyin bolaning boshi, qo‘li ko‘rindi. O‘sha vaqtda erkak kishi ham yo‘q edi. Men ham suzishni bilmayman. So‘ngra “uchastkavoy”ga xabar berdik. Qaytib chiqsak, oqar suvda bola yo‘q” — deya o‘sha voqeaga guvoh bo‘lgan ayolning so‘zlarini keltirmoqda Uznews.uz.

Ta’kidlanishicha, kanal qo‘shni Qozog‘iston bilan yuritiladi. Qibray va Toshkent tumanlari bu kanalni yopilishiga rozi, Qozog‘istondan ham ijobiy javob kutilmoqda.

To‘ldirish

8-iyun kuni, Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bolaning jasadi topilgan.