Surxondaryo viloyatida joylashgan 4000 yillik Jarqo‘ton yodgorligidan taqinchoq va sopol idishlar bilan birga ko‘milgan odam qabrlari topildi, deb xabar bermoqda Madaniy meros agentligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston-Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasida Fransiya milliy tadqiqot markazi, Termiz davlat universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti arxeolog olimlari ishtirokida qazishma ishlari olib borilmoqda.

Jarqo‘ton yodgorligi O‘zbekistonda yagona bo‘lgan eng qadimgi shahar hamda O‘rta Osiyodagi dastlabki sivilizatsiya beshigi hisoblanadi. Hozirga qadar yodgorlikning hukmdor saroyi, O‘rta Osiyoning ilk ibodatxonasi va mingdan ortiq qabrlar ochib o‘rganilgan.

jarqo‘ton yodgorligi, odam qabrlari

“Davlat rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida vohadagi 10 ta madaniy meros obyektlarida dunyoning yetuk arxeologiya institutlari va ilmiy markazlari olimlarini jalb qilib, o‘rganish ishlarini olib borish topshirig‘i berilgan”, — deyiladi xabarda.

Bugungi kunda topshiriqqa asosan viloyatning turli manzillarida arxeologik qazishma va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.