Namangan shahridagi istirohat bog‘ida 12 yoshli bola bosh qismidan tan jarohati olib vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

Aniqlanishicha, 14-may kuni soat 11:30 da 12 yoshli bola Namangan shahridagi istirohat bog‘idagi attraksionda aylangan vaqtida bosh qismidan tan jarohati olgan.

Holat yuzasidan prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Telegram`da tarqalgan videoxabarga ko‘ra, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 8-maktab o‘quvchilari maktab jamoasi bilan sayohatga chiqqan.

Videoda ayolning shifokorga murojaat qilayotgani aks etgan. “Ota-onasi endi menga keladi, ularga nima deyman? 29 ta bolani javobgar bo‘lib [bog‘ga] olib kelgandim”, — deydi u.