O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva 13-may kuni 81 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar berdi.

“Oydin Hojiyevaning deyarli barcha to‘plamlarida pokiza va mehribon, kechirimli va sadoqatli ona tuyg‘ulari, vafodor yor, didli, farosatli va nozikta’b shoira qalbi jo‘sh urib turadi. Ayni chog‘da dunyo voqealariga hamdardlik, insonlar mushkulini yengillatish uchun kurash, o‘z ona xalqi, ona tuprog‘i, madaniy merosiga mehr tuyg‘usi balqib turadi”, — deyiladi uyushma axborotida.

Oydin Hojiyeva 1942-yil 22-aprelda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Bo‘ston qishlog‘ida tug‘ilgan. 1966-yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini tamomlagan. U 1965−1976-yillarda “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, 1976−1985-yillar “Saodat” jurnalida bo‘lim mudiri, 1985−1995-yillarda “Gulxan”, 1995-yildan esa “Saodat” jurnali muharriri lavozimida ishlagan.

Oydin Hojiyeva ijodi 60-yillarning ikkinchi yarmidan boshlangan. Uning birinchi she’riy to‘plami 1970-yilda “Shabnam” nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng 20 ga yaqin ortiq she’riy kitoblari nashr qilingan. Xususan, 1972-yil “Men sevgan qo‘shiq”, “Zar kokil qiz va quyosh”, 1975-yil “Manzillar”, 1977-yil “Navo”, 1978-yil “Tarovat”, 1979-yil “Buvisining o‘z qizi”, 1980-yil “Dostonlar”, “Tamal toshi”, 1989-yil “Saylanma”, 1991-yil “Najot”, “Olisdan kelgan ovoz”, 1996-yil “Ko‘zimning oqu qarosi” va boshqa ko‘plab she’riy to‘plamlari nashr qilingan.

Oydin Hojiyeva tarjimon sifatida Shandor Petefi, A.Mskevich, Ovanes Tumanyan, Fayz Ahmad Fayz, Edi Ognetsvet, Rimma Kazakova, Fariza Ungarsinova, Oyjamol Omarova, Gulruxsor, Ibroyim Yusupov, Maryamxon Abulqosimova va boshqa ko‘plab jahon hamda qardosh xalqlar adabiyot vakillarining ijod namunalarini o‘zbekchaga o‘girgan. O‘zining she’rlari rus, ukrain, qozoq, qirg‘iz, tojik, belorus, fransuz, ingliz va urdu tillarida nashr etilgan.

Shoira 1975-yilda Yoshlar ittifoqi mukofoti sovrindori bo‘lgan. 1992-yil O‘zbekiston xalq shoiri unvoni, 1999-yil “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

Oydin Hojiyeva taniqli adabiyotshunos, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov bilan turmush qurgan.

Shoiraning vafotidan so‘ng prezident Shavkat Mirziyoyev ham hamdardlik bildirdi.