Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2023-yil birinchi choragi yakunlarini yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi.

Professional ta’lim sohasi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yangi tizimini joriy etish maqsadida prezidentning “Professional ta’lim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu hujjat professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning lavozim maoshlari o‘rtacha 20 foizga oshirishga, fidoiy, tashabbuskor hamda yuqori natijalarga erishgan pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga har oylik 50 foizgacha ustama to‘lash tizimi joriy etilishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Deputatlar Vazirlar Mahkamasining hisobotini ma’qulladi.