Markaziy bank tomonidan aholining turli guruhlari iste’mol kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha navbatdagi so‘rovlar o‘tkazildi. Ularning natijalari asosida 2023-yilning I choragi holatida Aholining iste’mol kayfiyati sharhi tayyorlandi.

Qayd etilishicha, 2023-yilning I choragida iste’mol kayfiyati indeksi1 (IKI) IV chorakka nisbatan 2,3 bandga kamayib, 23,8 bandni tashkil etgan.

Ushbu o‘rganishga respondentlarning daromadlari va xarajatlari, pul-mablag‘larini jamg‘arishga bo‘lgan moyilligi, shuningdek, kelgusida kreditga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash va tahlil qilish bo‘yicha savollar kiritilgan.

O‘tgan chorakda ko‘pchilik respondentlar ta’lim, uy-joy ta’miri, davolanish, avtomobil va maishiy texnika xaridiga ko‘proq mablag‘ sarflaganlarini ta’kidlagan. Kelgusi oylarda uy-joy ta’miri va xaridi uchun, ta’lim, avtomobil, davolanish va boshqa qo‘shimcha xaridlarni amalga oshirish istagida bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etgan.

Shu bois, ushbu tovar va xizmatlarga talabning yuqori darajada saqlanib qolinishi kutilmoqda, deya hisoblaydi mutaxassislar.iste’mol kayfiyati, марказий bank, ўзбекистонликлар

Infografika: Markaziy bank

Aholi xarajatlarining maqbullashtirilishi, kreditga bo‘lgan ehtiyojning biroz kamayishi hamda jamg‘arishga bo‘lgan moyillikning oshishi iste’mol kayfiyati indeksining pasaytiruvchi omillaridan bo‘lgan.

Hisobotda keltirilishicha, kelgusida kredit olishga talabgorlar ulushi biroz kamaymoqda. Joriy chorakda respondentlar fikriga ko‘ra, kreditga bo‘lgan talabning biroz qisqarishi kuzatilib, kredit subindeksi 8 bandga (avvalgi chorakda 8,5 band) teng bo‘lgan.

Respondentlar orasida faqatgina 7−10 million so‘mgacha bo‘lgan daromad sinfi kelgusi oylarda kredit olishni ko‘proq rejalashtirayotganini ta’kidlagan bo‘lsa, qolgan barcha daromad guruhida kreditga bo‘lgan yalpi talab kamayib borishi kutilmoqda. Shuningdek, 3−5 million so‘m atrofidagi daromadlilar orasida kreditga bo‘lgan talab o‘zgarmas darajada saqlanib qolingan.

2023-yilning birinchi yarmida kreditga bo‘lgan talabning avvalgi choraklarga nisbatan biroz yumshashi bo‘yicha kutilmalar shakllanmoqda. Qatnashuvchilarning 64 foizi kelgusi oylarda kredit olishga ehtiyojlari borligini bildirishgan (o‘tgan chorakda ushbu ko‘rsatkich 65 foizga teng bo‘lgan).

iste’mol kayfiyati, марказий bank, ўзбекистонликлар

Infografika: Markaziy bank

So‘rovda maishiy xizmat, qurilish, fan-ta’lim, tibbiyot, AT va OAV hamda savdo sohalarida faoliyat yurituvchilarning daromadlari bo‘yicha optimistik kutilmalari o‘tgan chorakka nisbatan ijobiylashgan.

Aksincha, ishlab chiqarish, kafe-restoran va turizm sohasidagilarning kelgusidagi daromadlari bo‘yicha kutilmalari nisbatan pasaygan.

iste’mol kayfiyati, марказий bank, ўзбекистонликлар

Infografika: Markaziy bank

“Ayni vaqtda banklar tomonidan mijozlarga taklif etilayotgan depozit foiz stavkalarining qulay va jozibadorligi, shuningdek, milliy valyuta kursining barqarorligi respondentlarning jamg‘arishga moyilligini ortib borishiga hamda jamg‘arish kayfiyatini ijobiy shakllanishiga xizmat qilmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Keltirilishicha, respondentlarning jamg‘armalari 1 oygacha muddatga yetarliligini ma’lum qilganlar ulushi ko‘proqni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida kelgusida jamg‘armalari 1−3 oygacha va undan uzoqroqqa yetishini bildirganlar soni oshib bormoqda. Biroq jamg‘armalari mavjud emasligini ta’kidlaganlar 35 foizni tashkil etgan.