“Gazeta.uz” 2023-yil 1-maydan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Jarimalarga chegirmalar taqdim etiladi

Huquqbuzar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50% yoki 30 kun ichida jarima miqdorining 70% ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.


2. Ayrim qurilish materiallari bojxona bojidan ozod qilinadi

2025-yil 1-yanvarga qadar import qilishda ayrim qurilish materiallari va xomashyolarga bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadi.


3. Ishsizlarga ipoteka kreditlari beriladi

Banklarga rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimini joriy qilishga ruxsat etiladi.


4. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi shaxslarga to‘langan QQS summasi qaytariladi

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar ayrim tovarlarning xaridini amalga oshirganda va ushbu xaridni maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazganda, ularga har oy yakuni bilan xarid summasidan to‘langan QQS summasi qaytariladi.


5. MHEKM va BHM oshirilmoqda

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 980 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori — oyiga 330 000 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7% ga oshiriladi.


6. Jismoniy shaxslar ayrim vositachilik yig‘imlaridan ozod etiladi

Benefitsiari budjet va korporativ buyurtmachi hisoblangan ayrim to‘lovlar bo‘yicha to‘lov xizmatlari ko‘rsatganlik uchun vositachilik haqi to‘lovchi — jismoniy shaxsdan emas, balki to‘lov summasidan chegirib qolish yo‘li bilan undiriladi.


7. Nogironligi bor bolalarning ota-onalariga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi

Tibbiyot muassasalarida davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilish uchun shu muassasada uning otasi yoki onasiga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga) yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a’zosiga nogironligi bo‘lgan bolaning yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratiladi, jumladan:

  • statsionar tibbiyot muassasalarida nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan shaxsga mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va boshqalar) uchun davolash davrida davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yiladi.

8. Quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha talablar kuchga kirdi

Foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy qilinmoqda.

Barcha yoqilg‘i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta’minotining kamida 50% ushbu obyektlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.


9. Jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalar bo‘yicha elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtiriladi

To‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalarni taqdim etishadi va rasmiylashtirishadi.


10. Bank hisobvaraqalarini masofadan ochish imkoniyati yaratiladi

Tijorat banklariga ariza beruvchini masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda, ta’sischilari O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar hamda YATTlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga ruxsat etiladi.

Yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni, ularning iste’moli to‘g‘risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to‘g‘risidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishga ruxsat etiladi.


11. Dori narxlari ustidan monitoring o‘rnatiladi

Dori vositalarining chakana savdosida jamoatchilik nazoratini joriy etish maqsadida:

  • jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan dori vositalari uchun dorixonalar tomonidan taqdim etiladigan xarid chekining fiskal belgisi matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda dori vositalari narxlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtiriladi;
  • matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash natijasida dori vositalarining chakana narxlariga belgilangan ustamalar oshirib qo‘llanilganligi aniqlangan taqdirda, tegishli chora ko‘rish uchun bu haqida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uchun maxsus vakolat berilgan davlat organiga avtomatik ravishda xabar yuboriladi;
  • xarid cheki bo‘yicha narx dori vositasining chakana referent narxidan ortiq deb topilganda, ushbu ma’lumot asosida o‘tkazilgan tekshirish yakuniga ko‘ra huquqbuzardan belgilangan tartibda jarima undiriladi.

12. Respublikaning barcha xududlarida imtiyozli transport kartalari beriladi

Imtiyozli kartalarni olish uchun hududiy transport boshqarmalariga yoki YAIDXP orqali murojaat qilish zarur.

“Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘grisida” Qonunga muvofiq quyidagilarga shahar yo‘lovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqi berilgan:

  • 1941−1945-yillardagi urush qatnashchilari va nogironlari hamda urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
  • Afg‘onistonda va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalmilalchi jangchilar jumlasidan bo‘lmish fuqarolar;
  • haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
  • Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
    nogironligi bo‘lgan ko‘zi ojiz shaxslar va nogironligi bo‘lgan ko‘zi ojiz shaxsga safarlarda hamrohlik qiluvchi shaxs.