26-aprel davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarining samarali himoyasini ta’minlash maqsadida prezident tomonidan imzolangan qonun [O‘RQ-833-son] bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, kassatsiya instansiyasi sudi mansabdor shaxslarning e’tiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga qaratish zarur bo‘lganda xususiy ajrim chiqaradi.

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra:

  • Barcha sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari 3 yil ichida ijroga topshirilishi mumkin (ilgari iqtisodiy sudlarniki 6 oy ichida edi);
  • Davlat ijrochisining har qanday qarorlari yoki harakatlari ustidan shikoyat faqat ma’muriy sudga yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga beriladi (ilgari Iqtisodiy sud bilan bog‘liq ijro yuzasidan iqtisodiy sudlarga shikoyat berilgan).

Shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, endilikda o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, ba’zilari fuqarolik sudiga, ba’zilari esa ma’muriy sudga taalluqli bir nechta talabni birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ilgari mazkur ishlar birlashtirilib barcha talablar fuqarolik sudida ko‘rilgan.

Talab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda taqdim etilgan taqdirda, da’vo arizasi (ariza) taalluqliligiga ko‘ra iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkaziladi.

Iqtisodiy yoki ma’muriy suddan ariza yoki ish materiallari sudga taalluqliligiga ko‘ra kelib tushganda sudya ariza tegishli talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran 10 kundan kechiktirmay da’vogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida xabardor qiladi va unga buning uchun 10 kundan oshmaydigan muddat beradi.

Bundan tashqari, mazkur kodeksga kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish hamda kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish bilan bog‘liq asoslar kiritildi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.