19-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan Afg‘onistonga 185 tonnadan ortiq zarur oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan navbatdagi insonparvarlik yuklari Balx viloyati shimolidagi Hayraton shahriga yetkazildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uning tarkibidan 48 tonna un, 48 tonna bug‘doy, 15,7 tonna o‘simlik yog‘i, 10 ming 20 dona konservalangan go‘sht mahsulotlari (tushyonka), 22 tonna makaron, 24 tonna shakar hamda 100 ming dona tez tayyorlanadigan lapsha o‘rin olgan.

Shu munosabat bilan Hayraton shahridagi Astras kompaniyasi hududida prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Oripov, Afg‘oniston iqtisodiyot vaziri Dilmuhammad Hanif va boshqa rasmiylar ishtirokida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ikki davlat rasmiylari ishtirokida hududlarning o‘zaro savdo-iqtisodiy va gumanitar sohadagi hamkorligini rivojlantirish borasida muzokaralar o‘tkazildi. Tadbirda ishtirok etgan afg‘onistonlik rasmiylar Ramazon oyida ko‘rsatilayotgan bu kabi amaliy yordam uchun O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik bildirdi.