O‘zbekistonda 2023-yil boshidan beri 3 707 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi.

Ozodlikni cheklash — sud tomonidan mahkumga nisbatan yashash joyini u yoki bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlashdan yoki sutkaning muayyan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat. U jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan davlat nomidan sud hukmi bilan qo‘llanadigan, mahkumni qonunda nazarda tutilgan muayyan huquq va erkinliklardan mahrum qilish yoki ularni cheklashdan iborat majburlov chorasidir.

O‘tgan 2022-yilda sud tomonidan jami 56 542 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 14 081 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. 2023-yilning o‘tgan uch oyi mobaynida esa jami sudlanganlar soni 13 907 nafarni tashkil etgan. Shundan 3 707 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ozodlikni cheklash bir oydan besh yilgacha muddatga tayinlanadi hamda sud tomonidan belgilanadigan organlar nazorati ostida o‘taladi. Ozodlikni cheklash, uni mahkumning yashash joyida o‘tash shartlari sodir etilgan qilmishning xususiyati va sud chiqargan qarorni ijro etishdan bo‘yin tovlashining oldini olish maqsadida sud tomonidan belgilanadi.

Sud ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan shaxsning zimmasiga o‘zi yetkazgan moddiy va ma’naviy zararning o‘rnini qoplash, ishga yoki o‘qishga joylashish majburiyatlarini, shuningdek, uning tuzalishiga ko‘maklashuvchi boshqa majburiyatlarni yuklashi mumkin.

Qo‘llanilayotgan taqiqning (cheklash) xususiyatlarini hisobga olgan holda sud mahkumning zimmasiga quyidagi qo‘shimcha taqiqlarni (cheklashlar) yuklashi mumkin:

  • muayyan joylarga bormaslik;
  • ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;
  • muayyan faoliyat bilan shug‘ullanmaslik;
  • muayyan buyumlarga ega bo‘lmaslik yoki ularni o‘zida saqlamaslik;
  • transport vositasini boshqarmaslik;
  • mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyi, ish va (yoki) o‘qish joyini o‘zgartirmaslik, tegishli ma’muriy hududdan tashqariga chiqmaslik;
  • muayyan shaxslar bilan aloqa o‘rnatmaslik;
  • aloqa vositalari, shu jumladan, internetdan foydalanmaslik;
  • alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik.

Mahkum ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek, sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining o‘talmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkin.

Jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlash vaqti o‘talgan jazo uning umumiy jazoni o‘tash muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi.

Agar ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxs jazoni o‘tash davrida o‘zining jinoiy qilmishlarini anglagan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, sud mahkumga nisbatan ilgari tayinlangan taqiqlarni (cheklashlar) to‘liq yoki qisman bekor qilishi mumkin. Ozodlikni cheklash jazosi harbiy xizmatchilar, chet el fuqarolari, mamlakatimizda doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga nisbatan tayinlanmaydi.