17-apreldan Open budget axborot portalida “Mening yo‘lim” loyihasining 2023-yilgi mavsumi uchun arizalar qabuli boshlandi. Loyihaning joriy yilgi mavsumi uchun 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilishi belgilagan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-fevraldagi “Avtomobil yo‘llari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 49-sonli qaroriga asosan budjet mablag‘larini sarflanishida fuqarolar ishtirokini yanada oshirish va mamlakatdagi mavjud ichki yo‘llar sifatini yaxshilash maqsadida 2022-yildan boshlab tuman va shaharlar budjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘larning 50 foizi Open budget axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilgan. Bu tizim “Tashabbusli budjet” jarayonlaridan farqli o‘laroq bir yilda bir marotaba o‘tkaziladi.

Ushbu jarayonlar bevosita Open budget axborot portali orqali amalga oshiriladi. Bunda axborot portaliga ichki yo‘llarning joylashgan manzili (geopozitsiyasi), to‘liq nomlari, uzunligi, holati (asfaltlangan, ta’mirtalab) va boshqa ma’lumotlari to‘liq kiritiladi hamda fuqarolar ichki yo‘llar reyestridan geoma’lumotlar asosida tegishli ichki yo‘lni tanlash orqali o‘z takliflarini qoldirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Taklif qoldirish mexanizmi

Tuman (shahar) budjeti parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larning kamida 50 foizi Open budget axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun yo‘naltiriladi.

Axborot portali avtomatik ravishda ta’mirlashga doir o‘rtacha narxni va tuman (shahar) budjeti parametrlaridan kelib chiqib, har bir tuman (shahar) bo‘yicha ta’mirlanadigan ichki yo‘llarning umumiy hajmini aniqlaydi.

Axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni ta’mirlashda takliflarni shakllantirish tartibi quyidagicha:

  • Axborot portali orqali jamoatchilik fikri bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar asosida shakllantiriladi;
  • axborot portali orqali takliflarni yuborish hamda ovoz berish jarayonida faqatgina voyaga yetgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin;
  • fuqarolar har yili ichki yo‘llarni ta’mirlashga faqat bitta taklifni ilgari surishi hamda bitta taklifga ovoz berishi mumkin. Fuqarolar o‘zlari tomonidan kiritilgan taklifga ovoz berishi taqiqlanadi;
  • ichki yo‘llarni ta’mirlashga doir takliflar kiritish fuqarolar tomonidan axborot portalida taqdim etilgan Ichki yo‘llar reyestridagi tegishli ichki yo‘llardan birini tanlash orqali amalga oshiriladi;
  • axborot portali orqali taklif kiritish bevosita portalda ro‘yxatdan o‘tish orqali amalga oshiriladi;
  • har bir tuman va shaharlarda bildirilgan takliflar bo‘yicha berilgan eng ko‘p ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi.

Loyiha doirasida taklif kiritish jarayoni joriy yilning 27-aprelga qadar davom etadi. Kiritilgan takliflar uchun ovoz berish jarayonlari 28-apreldan 7-may kuniga qadar o‘tkaziladi.