oktabr oyiga qadar O‘zbekistonda “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Bu 2023-yilgi davlat dasturida qayd etilgan.

Hujjat loyihasi quyidagilarni nazarda tutishi kerak:

  • banklardagi omonatlarni kafolatlash fondining (Fond) tashkiliy tuzilmasini va vakolatlarini belgilash;
  • kafolatlanadigan omonatlar qamrovi va miqdorini belgilash;
  • barcha banklarning Fondga a’zo bo‘lishi lozimligini belgilash;
  • banklarni sanatsiyalashda Fond mablag‘laridan foydalanish imkoniyatini yaratish;
  • omonatlarni Fond tomonidan to‘lab berilishi munosabati bilan omonatchilarning bankdan ustuvor ravishda talab qilish huquqini Fondga o‘tkazish;
  • Fondga to‘lab berilishi lozim bo‘lgan mablag‘lardan to‘langan badallarni chegirish amaliyotini bekor qilish.

Dasturning mazkur bandi ijrosi Markaziy bankka topshirilgan, uni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov nazorat qiladi.

Hozirda 2002-yil 5-aprelda qabul qilingan “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun kuchda va u 16 ta moddadan iborat. Fond kuzatuv kengashi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, fondning faoliyati bank litsenziyasi Markaziy bank tomonidan chaqirib olingan taqdirda fuqarolarning banklardagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lanishini kafolatlashdan iboratdir. Fond yuridik shaxs hisoblanadi va banklar bilan yozma ravishda tuziladigan bitimlar asosida faoliyat yuritadi.