Prezident topshirig‘iga ko‘ra, “Tashabbusli budjet” jarayonlarining 2023-yil 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 1309 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Bunda, qo‘shimcha 1182 ta mahalla bo‘yicha 4,3 mln nafar fuqaro ovoz bergan loyihalar amaliyotga tatbiq etiladi.

Shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport muassasalarini ta’mirlash va moddiy texnika bazasini rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha har biri 1,5 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan loyihalar tahlili o‘tkazilib, 2024-yil uchun budjet so‘rovida ularni ta’mirlash, jihozlash va xarid qilish xarajatlarini ro‘yxatga kiritish ko‘zda tutiladi.

Natijada, respublikadagi 164 ta maktab, 30 ta bog‘cha va 32 ta tibbiyot muassasalarida ta’mirlash, jihozlash va boshqa loyihalarda belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun 304,6 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.