Markaziy saylov komissiyasining 5-aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekiston Respublikasining referendumida ovoz berish byulletenining shakli va tavsifi tasdiqlandi.

MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Kuchkarovning ma’lum qilishicha, referendumda ovoz berish byulleteniga “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasiga asosan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil 10-martdagi hamda Oliy Majlis Senatining 14-martdagi qarorlarida ko‘rsatilgan masalaning matni (“Konstitutsiyani qabul qilasizmi?”) kiritildi va ovoz beruvchi xohish-irodasining variantlari “ha” yoki “yo‘q” deb ko‘rsatildi. Shuningdek, ovoz berish byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risida ham tushuntirish beriladi.

byulleten, referendum

Ovoz berish chog‘ida bittadan ortiq javob belgilansa yoki xech qaysi variant belgilanmasa byulleten haqiqiy emas deb topiladi.

Ovoz berish byulletenlarini ko‘zi ojiz ovoz beruvchilar tomonidan to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida trafaretlar ham tayyorlanadi.

“Ovoz berish byulletenlari referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga muvofiq referendum okrugi bo‘yicha ovoz beruvchilar sonini, shu jumladan, referendum okrugi hududida istiqomat qilayotgan ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tillarda ovoz berish byulletenlarini tayyorlash bo‘yicha ehtiyojni inobatga olgan holda chop etiladi”, — dedi Bahrom Kuchkarov.

Komissiya tomonidan ovoz berish byulletenlarini referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalariga belgilangan muddatlarda yetkazib berish choralari belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha respublika referendumi 2023-yil 30-aprel — yakshanba kuni o‘tkazilishi belgilandi. Muddatidan oldin ovoz berishni istaganlar 19−26-aprel kunlari jarayonda qatnashishlari mumkin.