24 mart kuni «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori [PQ-102-son] qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:

  • ommaviy savdolar orqali to‘liqligicha sotiladigan 1 001 ta korxonaning aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati;
  • aksiya paketlari «bitta aksiya — bitta lot» tamoyili asosida xalq IPOsini o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladigan 40 ta korxona ro‘yxati;
  • ommaviy savdolar orqali sotiladigan 1 046 ta davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning ko‘chmas mulk obyektlari ro‘yxati;
  • munitsipal mulk obyektlarini belgilash mezonlari.

2023 yil 1 iyuldan jismoniy shaxslarga «Davlat mulki» axborot tizimi orqali maydoni 2 000 metr kvadratgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi.

2023 yil 1 sentabrdan:

  • ko‘chmas mulk obyektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi order va sertifikat Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi;
  • «E-auksion» elektron savdo platformasida elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
  • har chorakda joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi;
  • investitsiya majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni qog‘oz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinib, tegishli davlat organlari va tashkilotlarning elektron bazasini «Davlat mulki» axborot tizimiga integratsiya qilish va tadbirkorlar elektron tizimga kiritadigan ma’lumotlar orqali hisobotlarni olish yo‘lga qo‘yiladi.

2023 yil 1 sentabrgacha davlat ixtiyoridagi istirohat bog‘lari xatlovdan o‘tkaziladi.