Telegram`dagi «Kainbek» kanalida tadbirkorlik subyektiga katta summada foyda solig‘ini avans (dastlabki) to‘lovini to‘lash uchun da’vo kelgani haqida post e’lon qilindi.

Tadbirkor shu vaqtgacha barcha soliqlarni to‘lab kelayotgani, QQS to‘lovchisi sifatida soliq to‘lovchining koeffitsiyenti yashil zonada ekanini qayd etgan.

«Bugun ertalab nimani ko‘ryapmiz? Daromad solig‘ini to‘lash uchun *** 000 000 so‘m miqdorida avans (dastlabki) to‘lovini to‘lashga da’vo! … Agar o‘tgan yilning oxirida biz moliyaviy ko‘rsatkichlarimizni ozmi-ko‘pmi yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsak, bu bizda har oy shunday daromad bor degani emas. Ishchilarning maoshi, ijara, bularni qanday to‘layman? Hatto-ki internet uchun hisobimda pulim yo‘q. Ogohlantirishlar yoki boshqa bildirishnomalarsiz, hatto uchetnыy kartada ham oldindan to‘lovlar haqidagi xabar bo‘lmagan. Yangi yildan keyin uch oy o‘tgach, yil boshidan beri deyarli bir milliard hisoblangan!» — deydi tadbirkor.

Soliq qo‘mitasi shu va shunga o‘xshash holatlar tomonidan bilan o‘rganilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Soliq qo‘mitasi mas’ul nazorat departamenti boshlig‘i B.Muqimov va Toshkent shahar bo‘lim boshlig‘i O.Lutfillayev egallagan lavozimlaridan ozod etilgan. Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yu.Nasimjanov va Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.Mirpo‘latovning maxsus unvonlari bir pog‘onaga pasaytirilib, intizomiy jazo chorasi belgilangan.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish departamenti boshlig‘i X.Bazarovga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi tayinlangan. Foyda solig‘i bo‘nak to‘lovlari hisobidan budjetga undirilgan ortiqcha mablag‘larni 28 mart kuni soat 13:00 ga qadar soliq to‘lovchilarga to‘liq qaytarish vazifasi belgilangan.

Qayd etilgan holatlar bo‘yicha Toshkent shahar soliq organlarida maxsus boshqarma tomonidan xizmat tekshirishi o‘tkazish va natijalari bo‘yicha hujjatlarni huquqni himoya qilish organlariga yuborish vazifasi topshirilgan.

«Hurmatli tadbirkorlar, Soliq qo‘mitasi qayd etilgan holatlar bo‘yicha vaqtida axborot bergan tadbirkorlik subyektlariga minnatdorlik bildirgan holda, summasidan qat’iy nazar kelgusida qayd etiladigan har bir holat bo‘yicha Soliq qo‘mitasiga yoki @dsq_anticorrupciya_bot ga murojaat qilishingizni iltimos qiladi», — deyiladi xabarda.